Ta’lim — har qanday jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi omili sanaladi. Farovon turmushga erishish yo‘lidagi raqobat kurashida ta’limni qurol qilgan mamlakatlar ilgarilab boraveradi. Faqat farovonlikda ta’limning ahamiyati turli jamiyatlarda turli davrlarda anglab yetiladi.

Vyetnamda ta’lim tizimining rivojlanish tarixini ko‘rib chiqar ekansiz, O‘zbekistondagi ta’lim tizimiga o‘xshash ma’lum bir jihatlarga guvoh bo‘lish mumkin. Xususan, tarixdagi omma uchun tashkil etilgan qishloq maktablari, to‘rt bosqichli ta’limning kirib kelishi, ta’limning uzoq yillar mahalliy bo‘lmagan tilda olib borilishi, umumiy majburiy ta’limda sovet modelining joriy etilishi, islohotlarning dastlabki yillarida yuzaga chiqqan muammolar, sinflarda o‘quvchilar sonining me’yoridan ortiqligi va hokazo. Biroq, ta’kidlash joizki, Vyetnamda chin ma’nodagi ta’lim tizimi O‘zbekistondagiga nisbatan kech qurilgan. Shunga qaramay, so‘nggi 20−30 yillik davr ichida ta’limni isloh qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarining samarasi yaqqol namoyon bo‘la boshladi.

Xususan, 2018-yilda Vyetnam Jahon banki tomonidan e’tirof etilgan dunyo bo‘yicha ta’limda ilg‘or mamlakatlar o‘ntaligidan joy oldi. Tadqiqotlarga ko‘ra, 1960-yillardan keyin aksariyat rivojlanayotgan mamlakatlar ta’lim tizimi rivojlanishda orqaga ketgani holda, Vyetnam ta’limda barqaror rivojlanishni saqlab qolgan kam sonli mamlakatlardan biri hisoblanadi.

2012-yildan boshlab Vyetnam Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturi (Program for International Student Assessment, PISA)da ishtirok etib, 15 yoshlilarning o‘qish, matematika, ayniqsa, tabiiy fanlardagi savodxonligi bo‘yicha ta’limda ilg‘or rivojlangan davlatlar bilan bir qatorda yetakchi 20 talikdan o‘rin olib kelmoqda.

Ma’lumot uchun: Vyetnam 2018-yilgi testlarni kam sonli davlatlar qatorida qog‘ozda topshirganligi sababli, shu yilgi natijalar PISA natijalariga bag‘ishlangan hisobotda aks etmagan.Ma’lumot uchun: Vyetnam 2018-yilgi testlarni kam sonli davlatlar qatorida qog‘ozda topshirganligi sababli, shu yilgi natijalar PISA natijalariga bag‘ishlangan hisobotda aks etmagan.

Ta’limni isloh qilish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘lidagi biz kabi jamiyatlar uchun ta’limda muvaffaqiyatga erishgan turli mamlakatlar tajribasi hamisha qiziq bo‘lgan. Shuni e’tiborga olgan holda, bugun Vyetnamning ta’limda erishgan yutuqlari va asosiy muvaffaqiyat omillari haqida hikoya qilamiz.

“Savodsiz xalq — kuchsizdir”

Ta’limni rag‘batlantirish va o‘qituvchilarga alohida ehtirom ko‘rsatish Vyetnam xalqining an’anaviy qadriyatlaridan sanaladi. Asrlar davomida Vyetnam jamiyatida o‘qituvchining mavqei ota-onalarnikidan yuqori va faqat qirolnikidan pastroq bo‘lgan, degan tushuncha mavjud edi. Mamlakatning ta’limdagi bugungi yutuqlarida ana shu azaliy qadriyatlar, ta’lim rivoji yo‘lida davlat va jamiyatning birgalikda ko‘rsatgan irodasi va mas’uliyati muhim rol o‘ynagan bo‘lsa ajab emas.

Vyetnam ta’lim tizimi feodal tuzumdan to hozirgi davrgacha bo‘lgan uzoq yillik rivojlanish tarixiga ega.

Feodal davrlarda Vyetnamda ta’lim xususiy maktablar, davlat maktablari va qirollik maktabini o‘z ichiga olgan. Xususiy maktablar asosan chekka hududlar, xususan, qishloqlarda oddiy o‘qituvchilar tomonidan keng omma uchun tashkil etilgan bo‘lsa, davlat maktablari asosan shahar aholisi va hukumat rasmiylari uchun xizmat qilgan. Ta’limning asosiy maqsadi — davlat xizmati uchun iqtidorli kishilarni saralab olish sifatida ko‘rilgan.

Keyinchalik, Vyetnam 1884-yilda Fransiya mustamlakasiga aylangach, mamlakatda ta’lim tizimi tubdan o‘zgargan. Fransiya Vyetnamga boshlang‘ich, o‘rta va oliy ta’lim shaklini olib kirgan. Ayni paytda, ta’limda kuchli tengsizlik kuzatilgan. Ta’lim muassasalari asosan fransuzlar va mahalliy aholining boy qatlamiga xizmat qilgan. O‘quvchi yoshlar kontingentida fransuz bolalari mutlaq ko‘pchilikni — jami o‘quvchilarning qariyb to‘rtdan uch qismini — tashkil etgan. Qolaversa, ta’lim dasturlarini ishlab chiqishda bevosita Fransiya ta’lim tizimidan namuna olinganiga qaramay, ta’lim mazmunan tor doirada, asosan fransuz tilida olib borilgan.

O‘rta-maxsus ta’lim muassasalarini tamomlagan fransuzlar o‘qishni davom ettirish uchun ona yurtlariga qaytgan. Mustamlaka yillari Fransiyaning mintaqadagi mulklari — Vyetnam, Laos va Kambodja uchun esa bor-yo‘g‘i bitta oliygoh ochilgan bo‘lib, u ham faqat huquq va tibbiyot sohasidagi mutaxassislarni yetishtirishga yo‘naltirilgan edi. Ta’limdagi bu tengsizlik aholi orasida keskin noroziliklarni keltirib chiqargan va mamlakatning fransuz mustamlakasiga qarshi bosh ko‘tarishida asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qilgan.

1945-yilda Vyetnam o‘zini Fransiyadan mustaqil deb e’lon qiladi va mamlakatda qarshilik harakatlari boshlanadi. Ta’limda “savodsizlikka faol ravishda barham berish, universitetlar va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalari ochish, ta’limni yangicha ruhda isloh qilish, ta’limda majburlash va yoddan o‘qitish usullariga chek qo‘yish"ni maqsad qilgan islohotlarga start beriladi. Biroq 1956-yilgacha davom etgan qarshilik harakatlari rejalashtirilgan islohotlarni to‘laligicha ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qiladi. 1956-yilda Vyetnam rasman mustaqillikni qo‘lga kiritdi. Shunga qaramay, 1950−1970-yillardagi Vyetnam urushi sabab mamlakat ta’lim tizimidagi haqiqiy islohotlar davri 1976-yilga kelibgina boshlandi.

1975-yilda uzoq yillik urushga yakun yasalgach, Vyetnam hukumati mamlakatning iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiluvchi sovetlarga xos madaniy-maʼrifiy inqilobni maqsad qilib, birinchi navbatda, milliy ta’lim tizimini birlashtirish va savodsizlikdan qutulishga asosiy e’tiborini qaratdi. Keyinchalik majburiy davlat taʼlimi 12 yillikka uzaytirildi.

Ta’kidlash joizki, savodsizlikka barham berish yo‘lidagi qisqa muddatli muvaffaqiyatiga qaramay, Vyetnam hukumati urushdan keyingi dastlabki o‘n yillikda ta’lim islohotlarini amalga oshirishda qator qiyinchiliklarga duch keldi va mamlakatda ta’lim sifatining past darajasi saqlanib qoldi. Bunda quyidagi omillar asosiy rol o‘ynadi:

  • yuqori malakali o‘qituvchilar va rahbarlarning yetishmasligi;
  • zarur infratuzilma va moddiy-texnik bazaning yetishmasligi;
  • o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash darajasining pastligi va ular asosan qo‘shimcha daromad manbaiga tayanib kun kechirishi;
  • ta’limga ajratilgan budjet mablag‘larining cheklangan darajasi.

Qolaversa, oliy ma’lumot bandlikni kafolatlashi borasidagi kutilmalarning yomonlashuvi va oliy ta’lim muassasalariga qabul ko‘rsatkichining past darajada (10 foiz atrofida) ekanligi tufayli 1980-yillarga kelib o‘quvchi yoshlar orasida oliy ta’lim olish istagini bildiruvchilar ulushi keskin qisqarib ketdi.

Nihoyat 1986-yilning oxiriga kelib Vyetnam Kommunistik partiyasi tarixiy Doi Moi (vyetnam tilidan tarjima qilinganida, “innovatsiya”, “yangilash”, “qayta qurish”) islohotlar dacturini ma’qulladi. Dasturning asosiy maqsadi — mamlakatni markazlashgan rejali tizimdan bozor iqtisodiyotiga o‘tkazish, iqtisodiyotni erkinlashtirish va globallashuvga keng yo‘l ochishdan iborat edi. Vyetnamning ta’limdagi bugungi muvaffaqiyatlari ana shu dastur bilan ham bog‘lanadi.

Doi Moi islohotlar dasturi doirasida, 2011-yilgacha bo‘lgan davrda asosiy e’tibor ta’limni sotsiallashtirish, ta’lim mazmuni va sifati, kirish imtihonlari hamda ta’limda axborot boshqaruvi, xususan, Ta’limni boshqarish axborot tizimi (Education Management Information System, EMIS)ni ishlab chiqish masalalariga qaratildi. Keyingi o‘n yillikda esa islohotlarning o‘tgan davrida erishilgan yutuqlar va kamchiliklarni tahlil qilgan holda, quyidagi vazifalarga ustuvorlik berildi:

  • ta’limda o‘qituvchi va rahbar xodimlarni kasbiy rivojlantirish va rag‘batlantirish,
  • ta’lim mazmuni hamda o‘qitish, sinovdan o‘tkazish va baholash mexanizmlarini takomillashtirish;
  • ta’limga investitsiya manbalarini kengaytirish va taqsimlash mexanizmlarini yangilash;
  • universitetlar va mehnat bozori o‘rtasidagi aloqani kuchaytirish;
  • chekka hududlar va etnik ozchilik orasida ta’lim rivojini jadallashtirish;
  • xalqaro aloqalarni kengaytirish.

Mazkur vazifalardan ko‘zlangan asosiy maqsad — mamlakatga ta’lim uchun barchaga teng imkoniyatlar yaratishdan iborat edi. Shuningdek, 2018-yildan mamlakatda ta’lim mazmuni, unda nazariy bilimlarning salmoqli o‘rin egallashiga chek qo‘yilgan holda, zamonaviy ko‘nikmalarga asoslangan holda ishlab chiqiladi.

Vyetnamda ta’limni rivojlantirish masalasi bevosita mamlakat Ta’lim to‘g‘risidagi qonunining 9-moddasida umummilliy darajadagi ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — insonlarning bilim darajasini oshirish, inson resurslarini tayyorlash va iste’dodlarni voyaga yetkazish hisoblanadi.

Vyetnamning ta’limdagi muvaffaqiyati omillari, umuman olganda, markaziy hukumatning ta’limni rivojlantirish maqsadlariga sodiqligi va qat’iyati, tenglik va adolat tamoyillari, davlat va uy xo‘jaliklari tomonidan yuqori darajadagi moliyalashtirish, ta’lim jarayonlarini tashkil etish, boshqarish va baholashning samarali mexanizmlari, o‘qituvchilar va boshqaruvchi kadrlarning malaka va mahorati, shuningdek, o‘quvchilarning mehnatsevarligi hamda ularda oila va atrof-muhit ta’siri ostida shakllangan ilmga rag‘bat, ishtiyoq bilan tavsiflanadi.

Muvaffaqiyat omillari

Foto: The Economist / alamyFoto: The Economist / alamy

Tenglik

Tenglikka ustuvorlik berilganligi Vyetnamning ta’limdagi muvaffaqiyatida muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilgan. Hukumat ta’lim sifatida kuzatilishi mumkin bo‘lgan hududiy tafovutlarning oldini olish maqsadida maktablarni ta’lim jarayoni uchun zarur barcha resurslar bilan muntazam ta’minlash, shuningdek, ta’limga ajratilgan budjet mablag‘larini mamlakatning turli hududlari bo‘ylab adolat tamoyili asosida taqsimlashga jiddiy e’tibor qaratadi.

Xususan, Maktab sifatining fundamental darajasi (Fundamental School Quality Level) maxsus dasturi doirasida maktablarda ta’lim jarayonini tashkil etish va boshqarish, zarur moddiy-texnik baza va o‘quv materiallari bilan ta’minlash, o‘qituvchilarni rag‘batlantirish hamda maktab va ota-onalar o‘rtasida muloqot o‘rnatishning minimal standartlari ishlab chiqilgan va muntazam monitoring qilib boriladi.

Qolaversa, hukumat ta’limni moliyalashtirishda hududlarning geografik joylashuvini e’tiborga oladi. Geografik jihatdan noqulay, chekka hududlarga nisbatan ko‘proq mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, chekka hududlarda ta’limda band o‘qituvchilarga nisbatan yuqori haq to‘lanadi. Mamlakat bo‘ylab faoliyat olib borayotgan barcha o‘qituvchilar ta’lim jarayonini tashkil etishda minimal standartlarga ega bo‘lishi talab etiladi.

Ta’limda gender tengligi, etnik ozchilik va maxsus ehtiyojlarga ega bo‘lganlar teng huquqliligini ta’minlash doimiy diqqat markazida bo‘lib kelgan. Hozirgi kunda ta’limda gender tengligiga deyarli erishilgan deb hisoblanadi.

Yana shunisi e’tiborliki, o‘quvchilarning akademik ko‘rsatkichlarida ham boshqa ko‘plab mamlakatlarda kuzatiladigan yaqqol farqlar ko‘zga tashlanmaydi.

Moliyalashtirish

Vyetnam ta’limni moliyalashtirishga har doim, hatto, siyosiy beqarorlik, urush, iqtisodiy tushkunlik davrlarida ham ustuvorlik berib kelgan. Mustaqil Vyetnam asoschisi va birinchi prezidenti Xo Shi Min “O‘n yil foyda ko‘rish uchun daraxt ekish, yuz yil foyda ko‘rish uchun odamlarga ta’lim berish kerak” mazmunidagi xitoy naqlini bot-bot takrorlagan va davlat siyosatida hamisha shu naqlga sodiq qolgan.

Maktab ta’limining “qaytimi” — daromadlilik darajasi mintaqadagi aksariyat mamlakatlarga qaraganda yuqori ekanligi mazkur investitsiyalar o‘zini oqlaganligidan dalolat beradi. So‘nggi o‘n yillikda mamlakatda ta’limga davlat xarajatlari barqaror o‘sgan va o‘rtacha hisobda budjetning 15−18 foizini tashkil etgan.

Shuningdek, mamlakatda ta’limga investitsiyalar faqatgina davlat xarajatlari bilan cheklanib qolmaydi. Uy xo‘jaliklari ham ta’limning ahamiyatini chuqur anglagan holda, farzandlarining sifatli ta’lim olishiga faol ravishda investitsiya kiritadilar. Osiyo taraqqiyot banki ijtimoiy soha masalalari bo‘yicha xodimi Ngo Kuang Vinning qayd etishicha, vyetnamliklarda ta’limga ustuvorlik berilishi konfutsiylik ta’sirida shakllangan. Shu sababdan, hatto nisbatan kambag‘al oilalar ham farzandlari uchun xususiy repetitor yollab, qo‘shimcha dars mashg‘ulotlariga jalb qilishga urinadi. Shaharlarda ota-onalar farzandlari uchun ko‘pincha “maorif aʼlochisi” unvoniga ega o‘qituvchilar ishlaydigan maktablarni izlaydi.

Yuqori malakali kadrlar va kuchli hisobdorlik

Vyetnamlik o‘qituvchilar sifat va mahorat borasida mintaqada yetakchi hisoblanadi. Bu ko‘pincha mamlakatda o‘qituvchilarni tayyorlash, malakasini oshirish, ta’lim jarayonida zarur resurslar bilan muntazam ta’minlash, faoliyatida mustaqillik berish, shuningdek, rag‘batlantirish, hisobdorlik va monitoring qilishning samarali mexanizmlari bilan izohlanadi.

Hukumat o‘qituvchilarni yiliga 120 soatlik uzluksiz majburiy malaka oshirish kurslarini hamda 5000 dan ortiq sifatli ma’ruzalar muntazam yangilab turiladigan onlayn resurslardan foydalanish imkoniyati bilan ta’minlaydi.

Chekka hududlarda, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda, imkoniyati cheklanganlar maktablarida faoliyat olib boruvchi o‘qituvchilarga nisbatan yuqori haq to‘lanadi. O‘qituvchilar faoliyatiga o‘quvchilarining akademik ko‘rsatkichlari va hamkasblarining kuzatuvlari asosida baho beriladi. “Maorif aʼlochilari” sifatida e’tirof etilgan o‘qituvchilar muntazam rag‘batlantiriladi, turli imtiyozlarga ega bo‘ladi.

Erta bolalik ta’limiga kuchli e’tibor

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yigirma yillikda hukumat maktabgacha ta’limga faol ravishda investitsiya kiritib keldi. 2017-yilga kelib Vyetnam besh yoshga to‘lgan bolalarning barini maktabgacha ta’lim muassasalari bilan qamrab olish maqsadiga erishgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi davlatlari orasida Vyetnam maktabgacha ta’limga investitsiyalarning YAIMga nisbatan yuqori ulushi — 0,62 foiz — bilan ajralib turadi. Shuningdek, bu Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ga a’zo mamlakatlar o‘rtacha ko‘rsatkichidan (0,54 foiz) ham yuqori.

Qolaversa, maktabgacha ta’limga uy-xo‘jaliklari ham jiddiy yondashadi va ta’limning bu bosqichiga investitsiyalar hajmida ularning ulushi 20 foizdan ziyodni tashkil etadi.

Texnologik taraqqiyot

Ta’limni rivojlantirishda tizimni texnik infratuzilma bilan ta’minlash uchun kiritilgan investitsiyalar ham muhim rol o‘ynadi. Markaziy hukumat butun mamlakatni, hatto eng chekka qishloq va tog‘li hududlarni ham elektr energiyasi, telekommunikatsiya va internet aloqasi bilan ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirdi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mamlakatning chekka hududlari deyarli to‘liq elektrlashtirilgan. Ta’lim muassasalarini aloqa va internet xizmatlariga ulashda hukumat xususiy sektor bilan faol hamkorlik qiladi. 2018-yilda Janubi-Sharqiy Osiyoda internetning kirib borishi o‘rtacha ko‘rsatkichi 54 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Vyetnamda mazkur ko‘rstakich 74 foizga yetgan edi.

2017-yilda mamlakat hukumati ta’lim va kadrlar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida pedagogik faoliyatni boshqarish va qo‘llab-quvvatlashda axborot texnologiyalaridan foydalanishni kuchaytirish bo‘yicha 10 yillik dasturni tasdiqladi. Dasturga muvofiq, ta’lim sohasida milliy ma’lumotlar bazasi, shuningdek, elektron o‘quv materiallarining umumiy zaxirasini yaratish hamda ta’limni boshqarish, kontent yaratish, o‘qitish va ta’limni baholashda axborot texnologiyalaridan foydalanishni mamlakat innovatsion taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Ideal holatlar bo‘lmaydi

Real voqelikda mutlaq ideal holatlar bo‘lmaganidek, Vyetnam ta’lim tizimi ham bugungi kunda muammolardan butkul xoli emas. Xususan, Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda ta’limga yo‘naltiriladigan xususiy investitsiyalar turli daromad guruhlari kesimida tahlil qilinsa, keskin tafovutlarga duch kelish mumkin — eng yuqori daromadga ega aholi guruhlarining ta’limga kiritadigan investitsiyalari hajmi eng past daromadga ega aholi guruhining ko‘rsatkichlariga qaraganda karrasiga yuqori.

Qolaversa, tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, markaziy hukumat ta’limga ajratilgan budjet mablag‘larini hududlar o‘rtasida adolatli taqsimlashga qanchalik urinmasin, hududlardagi boshqaruv organlariga mahalliy budjetning kamida 20 foizini ta’limga yo‘naltirish majburiyati yuklatilganiga qaramay, hududlar ichida — tumanlar darajasida mablag‘larning notekis taqsimlanishi kuzatiladi. Bu holat, o‘z navbatida, mamlakatda daromadlar tengsizligining o‘sishiga ta’sir qiladi.

Shunga qaramay, Vyetnam ta’limdagi bugungi ijobiy ko‘rsatkichlari, sanab o‘tilgan muvaffaqiyat omillari, nisbatan qisqa davr ichida savodsizlik va gender tengsizligiga deyarli barham bera olgani, boy infratuzilmaga ega va amalda samarali ishlaydigan ta’lim tizimini barpo eta olgani, eng asosiysi, mamlakat yoshlarining uzluksiz va sifatli ta’lim olishi borasida hukumat va xalqning maqsad va manfaatlari bir nuqtada kesishib, ta’limni muntazam takomillashtirib borish maqsadlariga davlat va jamiyat birgalikda sadoqat va iroda ko‘rsatgani nuqtai nazaridan bu yo‘lni endigina bosib o‘tayotgan mamlakatlar uchun yaxshi namuna bo‘la oladi, degan mulohaza bor.