Toshkent viloyatidagi Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasida Sibir tog‘ echkisi, yovvoyi cho‘chqa va bo‘rilarning tasvirlari fotoqopqonga muhrlandi. Tasvirlar Maydontol hududida yozib olingan.

Sibir tog‘ echkisi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Uni asosan chiqish qiyin bo‘lgan baland tog‘larda uchratish mumkin. Bu jonzotlar o‘rtacha 15−17 yil yashaydi. Yilda 1−2 marta bolalaydi. Vazni 35 dan 150 kilogrammgacha yetadi.

Yovvoyi cho‘chqa O‘zbekistonda daryo vodiylarida, ko‘llar qirg‘og‘ida, tog‘lardagi bargli va archazor o‘rmonlarda, qoyali daralarda tarqalgan, o‘zlashtirilgan yerlarda ham uchraydi. Yaxshi suzadi. Qishda 15−20 km gacha cho‘lga kelib turadi. Yovvoyi cho‘chqa asosan tunda faol bo‘ladi. Toshlar yoki butalar ostida soz tuproqqa chuqurcha qaziydi va yotar joy tayyorlaydi, u yerda kunduzi yashirinib oladi. Yovvoyi cho‘chqa ozuqa tanlamaydi, u hammaxo‘r hayvon hisoblanadi.

O‘simliklar novdasi, ildizpoyasi va piyozi, meva, sabzavotlar, chuvalchanglar, hasharotlar, baliqlar, qushlarning tuxumi, mayda kemiruvchilar bilan oziqlanadi, qishda daraxtlar po‘stlog‘ini ham yeydi. Tabiatda faqat bo‘ri ularning dushmani bo‘ladi. Yovvoyi cho‘chqa ov qilinadigan hayvon sifatida qadrlanadi. U ov va o‘rmon xo‘jaliklarida ov mavsumi davrida maxsus ruxsat (litsenziya) bilan ovlanadi.

Bo‘rilar O‘zbekistonda inson tomonidan ko‘p ta’qib qilinadi, shuning uchun soni ko‘p emas. U turli sharoitda yashashga moslashgan. O‘zbekistondagi cho‘l va tog‘ hududlarida tarqalgan, o‘zlashtirilgan yerlar chekkasiga kelib turadi. Bo‘rilar oila bo‘lib yashaydi. Bo‘ri — juda kuchli, epchil, chidamli, aqlli va tajovuzkor yirtqich hayvon. U bir necha kunlab och qolishi mumkin va shu bilan bir qatorda ozuqa qidirib, juda katta masofa yo‘l yurishi mumkin. Uning o‘ljasi tuyoqlilar, quyonlar, kemiruvchilar, qushlar va uning tuxumi, kaltakesaklar, baliqlar, hasharotlar hisoblanadi, hamda turli xonaki hayvonlar — parrandalar, mushuklar, itlar, qo‘y, echki, eshak, ot va qoramol hisoblanadi.

Ayrim hollarda insonlarga tashlanishi mumkin. Go‘sht bo‘rining asosiy ozuqasi hisoblansa ham, u to‘kilgan-sochilgan meva, g‘allalilar, sabzavotlarni, olma, uzum, tut, jiyda, poliz ekinlarini va boshqalarni ham yeydi. Tabiatda bo‘ri juda muhim vazifani bajaradi va bioxilma-xillikda zarur o‘rni bor. Tabiatda yoshlarni, nimjon, kasalvand va qarigan jonzotlarni ovlab, hayvonlar turining salomatligi va sonini tartibga soladi. Shunga qaramay u o‘ta xavfli quturish kasalligining tarqatuvchisi hisoblanadi.