30-iyul kuni Kattaqo‘rg‘on suv omborida 4 nafar yigit cho‘kib ketgani aniqlandi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz"ga Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi va Ko‘kdala tumanlarida yashovchi 7 nafar fuqaro Samarqand viloyatiga — Nurobod tumani “Po‘lat” mahallasida yashovchi tanishi M.M.ning tug‘ilgan kunini nishonlash maqsadida borgan. Shu kuni soat taxminan 17:30 atrofida mahalladan o‘tuvchi Kattaqo‘rg‘on suv omboriga cho‘milish maqsadida borib, u yerdagi qayiqda suv ombori qirg‘og‘idan taxminan 40 metr uzoqlikka suzib borishgan.

Shu paytda qayiq ustida fotosuratga tushish maqsadida tartibsiz harakatlar qilishgani sababli muvozanatni yo‘qotib, qayiq ag‘darilib ketgan. Oqibatda ularning 4 nafari — 21, 25, 22 va 21 yoshli yigitlar cho‘kib ketgan, 3 nafari qirg‘oqqa suzib chiqa olgan.

Olib borilgan qutqaruv ishlari davomida 1 nafar shaxsning murdasi topilgan, hozirda qolganlarini qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda.

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan, deyiladi xabarda.