Oliy Majlis Senatining qirq uchinchi yalpi majlisi 4-avgust kuni chaqiriladi, deya xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Majlisda “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama qilinadi.

Shuningdek, senatorlar “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasi (advokat maqomini olish)ga o‘zgartirish kiritish haqida”gi, “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasi (yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitda, sun’iy ravishda yaratilgan yashash muhitida yoki asirlikda saqlash)ga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi, “Veterinariya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunlarni ko‘rib chiqadi.

Bundan tashqari, daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi obyektlariga salbiy ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilinadi.