Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti Olx.uz ma’lumotlari asosida 2023-yilning ikkinchi choragi uchun taklif etilayotgan uy-joy narxlarini tahlil qildi, deya xabar bermoqda Spot.

Unga ko‘ra, 432 893 ta ma’lumot 115 ta hudud bo‘yicha guruhlab chiqilgan va interaktiv veb-sahifa ko‘rinishiga keltirilgan. Bu davr davomida narxlar uy-joyning har bir kvadrat metri uchun 10 guruhga ajratilgan.

макроиқтисодий va hududiy tadqiqotlar instituti, uy-joyлар narxi
Infografika: MHTI

Eng arzon hududlar 1-guruhga (har bir kvadrat metr uchun 390 dollardan), eng qimmatlari esa 10-guruhga kiritildi (kvadrat metr uchun 1251,7 dollargacha). Har bir guruh 86,1 dollarlik narx oralig‘ini ifodalaydi. Xususan, Toshkent shahrida hududlar bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha narx qayd etilgan — 1251,7 dollar. Narx segmentatsiyasi bo‘yicha eng yuqori 10-guruhga to‘g‘ri keladi.

Samarqand shahrida o‘rtacha narx 753 dollarni tashkil etib, narx segmentatsiyasida 6-guruhdan o‘rin olgan. O‘rtacha narxlar pastroq bo‘lgan Namangan, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo, Sirdaryo va Xorazm 2-guruhdan joy olgan.

Eng minimal narx esa Qoraqalpog‘istonda kuzatilib, har bir kvadrat metr uchun 390,1 dollarni tashkil etgan.

Toshkent bo‘yicha uy-joy narxlari iyun oyida birlamchi bozordagi uylar uchun o‘rtacha 1374 dollarni, ikkilamchi bozordagi uylar uchun esa o‘rtacha 1143 dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2022-yilning iyun oyida mos ravishda 953 va 861 dollarni tashkil etgan.

Bir yil ichida yangi uylarning narxi o‘rtacha 44 foizga, ikkilamchi bozordagi uylar narxi esa o‘rtacha 33 foizga qimmatlashgan.

E-notarius ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida uy-joy oldi-sotdi bitimlari o‘rganilgan davr mobaynida 1,8 foizga kamaygan, ya’ni o‘tgan yilning iyun oyida shahar bo‘yicha jami 7553 ta uy-joy oldi sotdisi qayd etilgan bo‘lsa, 2023-yilning shu davrida 7417 ta oldi-sotdi bitimi qayd etilgan.

O‘rtacha eng yuqori narxlar Mirobod ($1462,3), Yakkasaroy ($1374,3) va Shayxontohur ($1369,2) tumanlarida aniqlangan. O‘rtacha eng past narx esa Uchqizil ($222,8), Bog‘ot ($224,2) va Lalmikor ($227,3) kabi hududlarda kuzatilgan.