Qashqadaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati tarmoqlarda viloyat bolalar shifoxonasidagi 25 tupdan ortiq manzarali daraxtlar kesib ketilgani aytilgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining bo‘sh turgan 750 kvadrat metr maydonida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Essel Forte Arslon xususiy korxonasi tibbiyot markazi tashkil etishi rejalashtirilgan.

Biroq xususiy korxonaga ajratib berilgan hududda 27-iyulga o‘tar kechasi 25 tup emas, 17 tup daraxt kesilgani aniqlangan.

Shifoxona ma’muriyati bu haqda ichki ishlar idoralariga xabar bergan. Ayni paytda holat huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan o‘rganilmoqda, deyiladi xabarda.