Poytaxt hokimligi ta’sischiligida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Toshkent invest” maxsus kompaniyasi tashkil etilmoqda. Kompaniya shahar hokimligi va tadbirkorlar o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini bajarishi kerak bo‘ladi. Uning tashkil etilishi prezidentning 26-iyuldagi “Toshkent shahrini 2030-yilgacha rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan.

Kompaniya ustav kapitali kengash qarorlari asosida shahar budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan bosqichma-bosqich 1 trillion so‘mga yetkaziladi.

Kompaniya kuzatuv kengashi mablag‘larni loyihalar va boshqa maqsadlarga yo‘naltirish, shuningdek, banklar va xalqaro moliya institutlarining kreditlarini jalb qilishga mas’ul bo‘ladi.

“Toshkent invest” kompaniyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat bo‘lishi belgilangan:

  • Toshkent shahar va tumanlar hokimliklari, shuningdek, ulardagi korxona va muassasalar mulki (munitsipal mulklar) holatini tahlil qilish, mavjud resurslar va imkoniyatlarni aniqlash, ulardan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
  • munitsipal aktivlarni boshqarish, ular negizida davlat hamkori sifatida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish va ularni ijaraga hamda tadbirkorlar boshqaruviga berish, monitoring qilish va samaradorligini baholash.
  • munitsipal mulk obyektlarining investitsion jozibadorligini oshirish, ular negizida investorlar bilan birgalikda investitsiya loyihalarini amalga oshirish.
  • tadbirkorlarning Toshkent shahri infratuzilmasini rivojlantirishga doir istiqbolli loyihalarini moliyaviy jozibadorligi va samaradorligidan kelib chiqib moliyalashtirishda ishtirok etish.
  • Toshkent shahrining ayrim tumanlarini rivojlantirish va obodonlashtirish dasturlari, qurilishi rejalashtirilgan obyektlarning bosh rejasi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqishni tashkil etish.
  • Toshkent shahridagi davlat sektori korxonalari faoliyatini tahlil qilish, ularning faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
  • Toshkent shahrida qurilish va rekonstruksiya ishlarini hamda infratuzilma tarmoqlariga ulanish jarayonlarini muvofiqlashtirish.

Hujjat bilan “Toshkent invest” kompaniyasi va tadbirkorlar o‘rtasida yer uchastkalari asosidagi loyihalarni amalga oshirish mexanizmlari tasdiqlandi.

Vazirlar Mahkamasi korxonalarga yer uchastkalarini 49 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ijaraga berishi ko‘zda tutilgan. “Toshkent invest” bu uchastkalar narxini baholash tashkilotlari orqali belgilaydi.

Yer uchastkalari investitsiya loyihasining bosh rejasi, loyiha hujjatlari va boshqa ruxsatnomalar rasmiylashtirilgandan so‘ng ularda “Toshkent invest” kompaniyasi bilan birgalikda, uning buyurtmasi asosida loyihalarni amalga oshirish uchun elektron kim oshdi savdosiga qo‘yiladi.

Kim oshdi savdosi natijasida shakllangan narx kim oshdi savdosi g‘olibining xo‘jalik jamiyatining bir yil ichida yaratilishi lozim bo‘lgan ustav kapitaliga qo‘shgan hissasiga aylanadi. Shu bilan birga, yangi tashkil etilayotgan xo‘jalik jamiyati kapitalidagi hokimlik kompaniyasining ulushi 50 foizgacha bo‘ladi. U qanday shakllantirilishiga aniqlik kiritilmagan.

Tashkil etilgan korxonaning ta’sis hujjatlaridagi “Toshkent invest” aksiyadorlik jamiyatining ulushi qurilgan obyektning bir qismi yoki uning qiymati evaziga boshqalarga o‘tkazilishi mumkin. Bunda ulushning qiymati kim oshdi savdosida shakllangan davlat aktivi qiymatidan kam bo‘lmasligi kerak.

“Toshkent invest” kompaniyasi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun o‘ziga berilgan yer uchastkalari bazasida kim oshdi savdosi g‘oliblari bilan tadbirkorlik subyektini tashkil etmasdan hamkorlik qilishi mumkin bo‘ladi.

Toshkent taraqqiyot jamg‘armasi

Kompaniya, shuningdek, Toshkent taraqqiyot jamg‘armasi deb qayta nomlanayotgan hokimlik huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasini ham boshqaradi. Uning maqsadlari — “infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish va kommunal hamda boshqa sohalaridagi aholi kundalik hayotining dolzarb masalalarni tezkor hal qilish”.

Jamg‘armani moliyalashtirish manbalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

  • fond tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalardan olingan daromadlar, shu jumladan “Toshkent invest” kompaniyasining yaratilgan aktivlarini sotishdan tushgan tushumlar;
  • hokimlik kompaniyasi davlat hamkori sifatida ishtirok etgan DXSH loyihalari bo‘yicha daromadlar;
  • Toshkent shahridagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish va yer uchastkalarini kimoshdi savdosi orqali ijaraga berish huquqini realizatsiya qilishdan olingan mablag‘larning 70 foizi, hukumat tomonidan belgilanadigan xarajatlar, shuningdek, yer joylashgan tuman budjetiga tushadigan qismi chegirilgan holda. Maxsus iqtisodiy zonalar, kichik, yoshlar, sanoat va ishbilarmonlik zonalari hamda business city hududlari bundan mustasno;
  • Shahar mahalliy budjetiga o‘tkaziladigan Toshkent shahrida foto va video qayd etish vositasida qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdorining 50 foizi;
  • ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari tariflarida ko‘zda tutilgan maxsus ustama to‘lovining bir qismi;
  • Toshkent shahrida tashqi reklama va axborot obyektlarini joylashtirganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan to‘lovning 20 foizi;
  • poytaxtda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasini yaratish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun shaharsozlik obyektini qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihasini ishlab chiqish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish to‘lovining 100 foizi;
  • pul mablag‘larini banklarga joylashtirishdan olingan daromadlar;
  • shahar budjeti daromadlarining rejadan oshirib bajarilgan qismidan ajratmalar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari.

Jamg‘arma mablag‘lari DXSH loyihalarini, Toshkent shahrida infratuzilmani rivojlantirish bilan bog‘liq istiqbolli loyihalarni, poytaxtning ayrim tumanlarini rivojlantirish va obodonlashtirish dasturlarini, qurilayotgan obyektlarning bosh rejasi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqishni, iqtisodiy va ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Jamg‘arma, shuningdek, qurilayotgan Yangi O‘zbekiston massivlarida, davlat uy-joy qurilishi dasturlariga kiritilgan massivlarda, shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida (ichimlik suvi va kanalizatsiya, elektr ta’minoti, tabiiy gaz tarmoqlari va yo‘llar) infratuzilma yaratish uchun mablag‘lar ajratadi.

Shuningdek, investorning o‘z mablag‘lari ulushi 25 foizdan kam bo‘lmagan, qiymati 200 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlashga ham mablag‘ ajratiladi. Ro‘yxatga investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalar, shuningdek, xalqaro va respublika miqyosidagi avtomobil yo‘llari bo‘yidagi infratuzilma loyihalari ham kiritilgan.