“Gazeta.uz” 2023-yil 1-avgustdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Ish stajiga ega bo‘lmaganlarga beriladigan nafaqa miqdori oshiriladi.

Prezidentning 2023-yil 28-iyuldagi [PF-120-sonli] farmoni bilan 2023-yil 1-avgustdan:

  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 568 000 so‘m (oldin — 535 000 so‘m edi);
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 568 000 so‘m;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 568 000 so‘m;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 568 000 so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 198 000 so‘m etib belgilanadi.

Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 568 000 so‘m etib belgilanib, keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.


2. Ayrim tibbiyot muassasalarida tibbiy psixolog, suitsidolog lavozimlari joriy etiladi.

Prezidentning 2023-yil 19-iyundagi [PQ-196-sonli] qarori bilan:

  1. tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida — tibbiy psixolog;
  2. statsionar o‘ringa ega bo‘lmagan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va tarkibida dispanser mavjud bo‘lgan ruhiy kasalliklar shifoxonalarida — suitsidolog;
  3. statsionar o‘ringa ega bo‘lgan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va ruhiy kasalliklar shifoxonalarida — qabul bo‘limi shifokori, navbatchi psixiatr, tibbiy psixolog yoki psixoterapevt shtatlari joriy etiladi.

3. Ota-onalarning farzandi ta’limi uchun to‘lagan pullari daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Prezidentning 2023-yil 8-maydagi [PF-67-sonli] farmoni bilan 1-avgustdan soliq to‘lovchilar tomonidan yoshidan qat’i nazar farzandlarining O‘zbekistondagi ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishlari uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritiladi.


4. Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish bo‘yicha elektron platforma ishga tushiriladi.

Prezidentning 2023-yil 16-maydagi [PQ-158-sonli] qarori bilan:

  • “Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish elektron platformasi” ishga tushiriladi;
  • suv omborlarida ishlovchi mas’ul xodimlarning seysmologik va seysmometrik kuzatuvlarni amalga oshirish va birlamchi tahlil qilish bo‘yicha har 2 yilda malakasini oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

5. Yoshlarga kompyuter xaridlari uchun ajratiladigan mablag‘lar bank kartasiga o‘tkazilishi mumkin.

Prezidentning 2023-yil 24-maydagi [PQ-162-sonli] qarori bilan

  • Yoshlarga kompyuter xaridlari uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan mikroqarz shaklida;
  • “Yoshlar daftari” va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi jamg‘armalari hisobidan beriladigan subsidiya mablag‘larini ijtimoiy kontrakt asosida yoshlar xohishiga ko‘ra alohida ochilgan bank kartasiga (naqdlashtirish imkoniyatisiz) o‘tkazishga ruxsat beriladi.

6. Davlat organlarining axborot texnologiyalari sohasidagi ayrim mas’ul xodimlariga 20 foiz miqdorda ustama to‘lanadi.

Prezidentning 2023-yil 24-maydagi [PF-76-sonli] farmoni bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xalqaro sertifikatga ega davlat organlari va boshqa budjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun mas’ul xodimlariga o‘rnatilgan ustamalarga qo‘shimcha ravishda lavozim maoshiga nisbatan 20 foiz miqdorda ustama to‘lanadi.

  • Bunda xalqaro sertifikat ro‘yxati Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan shakllantiriladi va uning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;
  • Raqamli texnologiyalar vazirligining axborot texnologiyalari hamda raqamli xizmatlar joriy etilishi holatini baholash reytingi bilan qamrab olinmagan davlat organlari rahbarlarining raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosarlariga har oyda mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining 30 foizi miqdorida ustama haq to‘lanadi.

7. Davlat organlari rahbarlari raqamli texnologiyalar bo‘yicha qisqa muddatli kurslarda o‘qitiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-maydagi 208-sonli qarori bilan davlat organlarining birinchi rahbarlari raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va loyihalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha Davlat boshqaruvi akademiyasida qisqa muddatli kurslarda o‘qitiladi.


8. Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini modernizatsiya qilish ishlari boshlanadi.

Prezidentning 2023-yil 10-apreldagi [PQ-118-sonli] qarori bilan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va loyiha konsepsiyalari tasdiqlangan tuman (shahar)lardagi ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlarini boshlanadi.

Ijtimoiy soha obyektlarida O‘zbekistonda 1 yil sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va xizmat qilish kafolati kamida 15 yilni tashkil qiladigan qozonlar o‘rnatiladi.