Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi hamda “Amirliklarning Yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi” nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida markazda yetishtirilgan 600 ta yo‘rg‘a tuvaloq Uchquduq va Konimex tumanlarining cho‘l hududlariga qo‘yib yuborildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar qildi.

Ma’lumot uchun, yo‘rg‘a tuvaloq O‘zbekiston qizil kitobi hamda Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro Uyushmasi qizil kitobiga kiritilgan bo‘lib, yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan qushlardan hisoblanadi.

Qayd etilishicha, markaz o‘z faoliyatini boshlagandan beri qariyb 19 minga yaqin yo‘rg‘a tuvaloq tabiat bag‘riga uchirildi.

yo‘rg‘a tuvaloq, навоий

O‘zbekistonda bu qushlarning ko‘payishini asosan Birlashgan Arab Amirliklari moliyalashtiradi. Buxoro viloyatida qushlarni muhofaza qilish va ko‘paytirish Amirliklar markazi (“Emirates Bird Breeding Center for Conservation”) shuningdek, 2008-yildan buyon Navoiy viloyatida yo‘rg‘a tuvaloq qushlarini saqlash bo‘yicha “Amirliklarning Yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi” (“Emirates Center for Conservation of Houbara”) faoliyat olib boradi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, ular yo‘rg‘a tuvaloq qushlarini tabiatdagi sonini qayta tiklash bilan shug‘ullanadi. Qoraqalpog‘istonda 2017−2021-yillar oralig‘ida jami 9491 bosh yo‘rg‘a tuvaloq tabiatga qo‘yib yuborilgan. Arablarning bu qushni ko‘paytirishga qiziqishi bejizga emas.

yo‘rg‘a tuvaloq, навоий

“Podshoxlar ovi”

Qoraqalpog‘iston axborot agentligida berilgan ma’lumotga ko‘ra, har yili Dubay shayxlari Qoraqalpog‘istonga ov mavsumini o‘tkazish uchun kelishadi va ushbu Qizil kitobga kiritilgan qushlarni ruxsatnoma asosida ovlashadi. Arablar asosan ovchi qush — lochin bilan yo‘rg‘a tuvaloq qushini ovlashni ota dasturiga aylantirgan.

Arablarning bu qushni ovlashini “podshoxlar ovi”, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qadimiy an’ana ham deyishadi.

Arablar ov qilishda qatiy tartiblarga bo‘ysinishadi. Ya’ni, brakonerler va boshqa ovchilar singari ko‘z to‘ymaslik qilmasdan, faqatgina ma’lum miqdorda ovlashadi. 2015-yilda Qoraqalpog‘istonning Ustyurt tekisligiga tuvaloq qo‘shini ovlash uchun Dubayning merosxo‘r shaxzodasi shayx Hamdan bin Muhammad al-Maqtum tashrif buyurgan.