31-iyul kuni O‘zbekistonda magistraturaga hujjatlar qabuli yakuniga yetdi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabariga ko‘ra, magistr.edu.uz elektron tizimi orqali 2023/2024-o‘quv yilida magistratura mutaxassisliklariga 20 054 nafar abituriyent ariza yuborgan.

Abituriyentlar O‘zbekistondagi jami 105 ta oliy ta’lim muassasining magistratura bosqichida o‘qishga ariza topshirdi. Ular umumiy 17 128 ta kvota uchun bahs olib boradi. Bunda davlat granti — 8938 ta. To‘lov shartnoma asosida o‘qish uchun esa 8190 kishi qabul qilinadi.

Abituriyentlarning 13,2 ming nafari xotin-qizlardir. O‘zbekistonda magistraturada to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt summasini davlat qoplab beradi. Buning uchun talabgorlar 15-sentabrga qadar o‘zlari ta’lim oladigan muassasa rektori nomiga ariza berishi kerak.

Magistraturada o‘qish istagini bildirgan erkaklar soni ayollardan kamroq — 6,8 ming nafar.

Hujjat topshirganlarning 4 foizida davlat mukofoti bor yoki nomdor stipendiya sohibi. 3 foizi esa nogironlik imtiyoziga ega.

magistratura, отм, o‘zбекистон

Arizalarning hududlar taqsimoti bo‘yicha reytingida eng ko‘p ariza Toshkentda olingan — 9253 ta. Undan so‘ng Samarqand, Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida ko‘p sonli arizalar ro‘yxatga olingan.

Hozirda kelib tushgan hujjatlar tuzilgan ishchi guruhi tomonidan ko‘rib chiqish jarayonida. Bunda abituriyentlarning bakalavriat diplomi ilovasidagi ballarning o‘rtacha ko‘rsatkichi hisoblanib, yuklangan til sertifikatlarining haqiqiyligi tekshirilmoqda.

Talabgorlar magistr.edu.uz platformasidagi shaxsiy kabinetlari orqali o‘z arizalarining bosqichma-bosqich ko‘rib chiqish holatini kuzatib borishlari mumkin. Hujjatlar ishchi guruhi tomonidan to‘liq ko‘rib chiqilganidan so‘ng yakuniy natija yuzasidan qo‘shimcha axborot beriladi.