BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili sifatidagi missiyam nihoyasiga yetar ekan, O‘zbekistondagi faoliyatimizning 30 yilligini nishonlayotgan sanada o‘tgan yillar davomida boshdan kechirgan ajoyib taasurotlarim haqida “Gazeta.uz”dagi so‘nggi ruknimda qisqacha to‘xtalib o‘taman.

O‘zbekiston erishayotgan ulkan yutuqlarga guvoh bo‘lish va mamlakat taraqqiyoti kun tartibiga hissa qo‘shish men uchun sharafdir. Birgalikda erishgan ba’zi muhim yutuqlarimiz bilan o‘rtoqlashishga ruxsat bergaysiz.

Inson taraqqiyoti sohasidagi o‘sish

O‘zbekistonda Inson taraqqiyoti indeksining doimiy o‘sishi kuzatilmoqda. Yigirma yil davomida mamlakatda inson taraqqiyoti ko‘rsatkichlari 20 foizga ko‘tarilgani ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy integratsiyaga yo‘naltirilgan jamoaviy sa’y-harakatlardan dalolatdir.

Global miqyosda dunyo mavhumlik inqiroziga duch kelmoqda. Bu ko‘pchilik uchun qiyin davr; ular bizning, hatto o‘zimiz tasavvur ham qila olmaydigan tarzda o‘zgarib ketishimizga olib kelishi mumkin. Shunga qaramay, umid uchun joy bor, chunki ijobiy misollar ko‘p va O‘zbekiston bu umidning muhim qismidir.

O‘zgarishlar va muvaffaqiyatlar yo‘li

O‘zgarishlar jarayonini bosib o‘tayotgan O‘zbekiston barqaror rivojlanish sohasida salmoqli yutuqlarga erishdi. O‘tgan yillar davomida biz mamlakatning 2030-yilgacha bo‘lgan kun tartibi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) sodiqligini, shuningdek, taraqqiyotni monitoring qilishning mustahkam tizimlarini ko‘rdik.

бмттд, inson taraqqiyoti, матильda димовска

Foto: BMTTD

O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga sodiqligi uning milliy miqyosda belgilanadigan hissalari, barqaror energetikaga o‘tish borasidagi intilishlari va Orol dengizi mintaqasida hamda undan tashqarida o‘rmonsizlanish muammosini hal qilishga qaratilgan tashabbuslarida namoyon bo‘ldi. O‘zbekiston Orol dengizi mintaqasini texnologik innovatsiyalar zonasiga aylantirish kabi mintaqaviy hamkorlik va muhim global tashabbuslarni faol ravishda ilgari surmoqda.

Bizning birgalikda olib borgan targ‘ibotimiz va amalga oshirgan ishlarimiz O‘zbekistonda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarining atigi olti yil ichida 4,6 foizdan 14,8 foizgacha o‘sishiga olib keldi. Iqlim o‘zgarishi sharoitida bu yutuq katta ahamiyatga ega.

Yaqinda yangi Konstitutsiyaga atrof- muhitga oid huquq kiritilishi va yangi vazirlikning tashkil etilishi, shubhasiz, O‘zbekistonda va Markaziy Osiyo mintaqasida atrof-muhit hamda iqlim o‘zgarishining oldini olish sohalarida tezkor choralar ko‘rish uchun turtki bo‘lish barobarida, yangi umidlarni paydo qildi. “Yashil makon”, “Orolbo‘yi bo‘yicha kompleks yo‘l xaritasi” kabi tashabbuslarni hayotga tizimli tatbiq etish yechimlarning muhim qismiga aylanadi.

бмттд, inson taraqqiyoti, матильda димовска

Foto: BMTTD

Gender tengligiga sodiqlik ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekistonda barqaror va adolatli o‘sishga ko‘maklashishda muhim rol o‘ynadi. Yillar davomida biz gender tengligini targ‘ib qilish uchun qabul qilingan va joriy etilgan ko‘plab qonunlar, davlat aralashuvi va institutlarini ko‘rdik.

Endigi vazifa ularni birgalikda ishlashga majbur qilishdir, bu esa O‘zbekistonda ayollarning faoliyat yuritishi, o‘sishi va gullab-yashnashiga imkon beruvchi kuchli hamda samarali siyosat, qonunlar va institutlarga ega bo‘lishini ta’minlash uchun ko‘proq ishlash kerakligini anglatadi.

Masalan, so‘nggi paytlarda bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni jinoiylashtirish bo‘yicha yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, bu mavzuga ko‘proq e’tibor qaratish lozim, chunki muammoni to‘liq hal etish vazifalari hali bajarilmagan. Gender tengsizligi va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning davom etishiga asos beruvchi munosabat hamda madaniy me’yorlarga doimo qarshi turish kerak. Gender asosidagi zo‘ravonligini boshdan kechirganlar uchun odil sudlov, tegishli ko‘mak xizmatlari va resurslardan foydalanish javob choralarining bir qismi bo‘lishi kerak.

So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston ulkan o‘zgarishlar dasturini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘zining davlat va xususiy moliyasini rivojlanish maqsadlariga yo‘naltirdi. Masalan, O‘zbekiston BRM suveren obligatsiyalarini chiqarish bo‘yicha dunyoda ikkinchi, mintaqada birinchi davlat bo‘ldi, bu esa BRMga erishish yo‘lidagi ilg‘or qadamdir.

O‘zbekistonda hamjihatlik asosida budjetlashtirishning joriy etilishi va butun mamlakat bo‘ylab tarqalishi fuqarolarga qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etish, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillarini mustahkamlash imkonini berdi. Biroq davlat va xususiy moliyani rivojlanish maqsadlariga moslashtirish uchun ko‘p ish qilish mumkin.

Misol uchun, aralash moliya mexanizmlari orqali bir vaqtning o‘zida gender va yashil investitsiyalarni rag‘batlantiradigan yechimlar juda foydali bo‘ladi va bunday yechimlar ishlab chiqilmoqda.

бмттд, inson taraqqiyoti, матильda димовска

Foto: BMTTD

Ijobiy yutuqlar haqida gapirar ekanmiz, agar ijtimoiy davlat va tabiat bilan muvozanatli iqtisodiy o‘sish tushunchasiga erishish kerak bo‘lsa, ko‘p jihatlarni ko‘rib chiqish mumkin va kerak. Sodiq yetakchilik, xalqaro standartlarga intilish, qobiliyatli inson kapitali, boy tabiat resurslari va ta’sirchan tarixiy merosning asosiy tarkibiy qismlari O‘zbekistonning kelajakda gullab-yashnashi uchun zamindir. Mamlakat uning xalqi gullab-yashnagan taqdirdagina gullab-yashnashi mumkin va pirovardida hamma narsa xalqqa berilgan barcha ko‘rinishlaridagi imkoniyatlarga bog‘liqdir.

Yangi ishlarga kirishar ekanman, o‘zim bilan hamkorlikda erishgan yutuqlarimizga oid xotiralarni va birgalikda yaratadigan yanada taraqqiy etgan dunyoga bo‘lgan so‘nmas umidni olib ketaman. Bu mamlakatda to‘rt yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tkazdim, men O‘zbekiston bilan chuqur bog‘liqlikni his qilyapman; u abadiy mening qalbimda qoladi.

Katta rahmat, O‘zbekistonim.

Muallif haqida: Matilda Dimovska BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili sifatida 2019-yilning mart oyida ish boshlagan. Ungacha esa BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH davlatlari bo‘yicha Istanbul mintaqaviy markazining mamlakatdagi vakolatxonasini qo‘llab-quvvatlash guruhini boshqargan. U iqtisodiy siyosat va rivojlanish bo‘yicha magistr darajasiga ega. Matilda Dimovskaning boshqa maqolalari haqida quyida havolalar mavjud.