Andijon viloyatida yashovchi 30 yoshli shaxs Suriyadagi terroristik tashkilotga a’zo bo‘lishga urinishda ayblanib, 8 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar bermoqda DXX.

Ta’kidlanishicha, I.U. 2021−2022-yillarda Turkiyaning Istanbul shahrida ishlagan davrida Suriyadagi terroristik tashkilot yollovchilarining ta’siriga tushib, ularning safiga borib qo‘shilishni reja qilgan.

Shu maqsadda bir necha bor Suriyaga o‘tishga uringan, lekin o‘tolmagan. Navbatdagi urinish vaqtida u harbiylar tomonidan qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

Mazkur shaxs doimiy yashash manziliga qaytib kelganidan keyin ham ijtimoiy tarmoqlar orqali terroristik tashkilot a’zolari bilan aloqada bo‘ladi, — deyiladi ma’lumotda.

DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan I.U.ning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahri sudi hukmiga ko‘ra, I.U. Jinoyat kodeksining 155−2 (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) va 244−2- (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) moddalari bilan aybdor deb topilib, 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.