Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi 10 kishilik Telegram-guruhga diniy mazmundagi qo‘shiq (nashida) havolasini yuborgani uchun 3 yilga qamalgan Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud hukmini o‘zgartirdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

28-iyul kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida quyi sudlar Jahongir Ulug‘murodovga oid jinoyat ishi tafsilotlarini to‘g‘ri aniqlab, uning aybliligi haqida asosli xulosaga kelgani qayd etildi.

“Kassatsiya sudlov hay’ati, ish bo‘yicha Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlarini o‘zgartirib, uning yoshligi, talaba ekanligi, muqaddam sudlanmagani, o‘qish joyidan ijobiy tavsiflangani, oilaviy sharoiti, qilmishidan pushaymonligi, shuningdek jinoyat sodir etgandan keyingi xulq-atvori kabi holatlarni e’tiborga oldi”, — deyiladi xabarda.

Shu tariqa Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 28-iyuldagi ajrimiga muvofiq Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilib, unga Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan ushbu Kodeksning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) ni qo‘llagan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Jahongir Ulug‘murodovning 24-fevraldan 2023-yil 28-iyulga qadar qamoqda saqlangan 5 oy 4 kun Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari)ga asosan chegirilib, o‘tash uchun 2 yil 6 oy 26 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilishi belgilandi.

Jahongir Ulug‘murodovga ozodlikni cheklash jazosini yashash joyi bo‘yicha o‘tash belgilanib, soat 22:00 dan soat 06:00 ga qadar yashash joyidan chiqish taqiqlandi.

Jahongir Ulug‘murodov darhol jazoni ijro etish joylarida qamoqdan ozod qilinishi belgilandi.

Advokat A. Abdullayevning himoyasi ostidagi Jahongir Ulug‘murodovni oqlash haqidagi shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.