28-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan “Hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Unda, uy hayvonlari bilan bog‘liq statistik ma’lumotlar ochiqlandi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatda 2,3 milliondan ziyod it va 46 mingdan ziyod mushuk mavjud. Joylarda uy hayvonlari egalari tomonidan rad etilishi, mushuk va itlarning nazoratsiz ko‘payishi natijasida qarovsiz hayvonlar soni yildan-yilga ortib bormoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, aholi punktlarida it va mushuk boqishning qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzurliklar soni 2021-yilda 10,5 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda bo‘ ko‘rsatkich keskin oshib 142,6 mingtaga yetgan.

Shuningdek, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzurliklar soni 2020-yilda 105 ta, 2021-yilda 190 ta, 2022-yilda 325 dan ziyodni tashkil etgan. Hayvonlar tomonidan insonlarga zarar yetkazish, ularni tishlash holatlari ham oshib borib, 2021-yilda 44 ming, 2022-yilda yesa 50 mingga yaqin holat qayd etilgan.

Muhokama qilingan qonun loyihasida uy hayvonlarini ro‘yxatga olish, hisobini yuritish, chiplash, qarovsiz hayvonlarning hisobini yuritish va saqlashga doir normalar kiritilgan.