Bundan buyon sanoat maqsadlari uchun mo‘ljallangan yerlar toifasini o‘zgartirish bo‘yicha qarorlar faqat Hukumat komissiyasi roziligi bilan bajariladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi.

Davlat rahbari viloyatdagi sanoat zonalarida katta maydonlar bo‘sh turgani, viloyatdagi 19 ta tuman va shahar hokimlari ularni tadbirkorlarga taklif qilib, mavjud imkoniyatlardan foydalanmayotganini tanqid qildi.

“Shuncha bo‘sh joylar turib, hokimlar sanoat zonalari uchun qishloq yerlari toifasini o‘zgartirish bo‘yicha murojaat qilishdan charchamayapti. Eng achinarlisi, viloyatda ishlab chiqarish bo‘lgan davlat obyektlarini xususiylashtirib, ular o‘rnida yakka tartibdagi uy-joylar qurib yuborish holatlari bor”, — dedi prezident.

Bosh prokuratura, Kadastr agentligiga bunday holatlarni tekshirib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi. Sanoat maqsadlari uchun mo‘ljallangan yerlar toifasini o‘zgartirish bo‘yicha qarorlar faqat Hukumat komissiyasi roziligi bilan amalga oshirilishi belgilandi.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, viloyatda dehqonlarga ekin yerlarini ijaraga berish ishlari ham nomiga tashkil qilingan. Ularga yashash joyidan yoki suvdan uzoq yerlar ajratilmoqda. O‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra, 32 foiz yer egalariga tuman hokimligi tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmagan. Inflyatsiyani jilovlash, bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar ham qoniqarsiz.

“Agar hokimlar vaqt ajratib, tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning dardiga quloq solsa, tashabbuslarini tinglasa, viloyatdagi tumanlarning barchasi yil yakuniga qadar bemalol kamida 100 mln dollardan investitsiya jalb qilishi mumkin”, — dedi prezident. U viloyatdagi har bir tuman uchun yil yakunigacha kamida 100 mln dollardan investitsiya jalb qilish vazifasini qo‘ydi.

Qolaversa, minimal iste’mol xarajatlari miqdori 500 ming so‘mdan 570 ming so‘mga oshirilgan. Shu sababli Farg‘onada yana 9 ming oila kambag‘al toifasiga qo‘shildi. Mutasaddilarga bu oilalarning har biriga hokim yordamchilarini biriktirib, ularning daromadini oshirish choralarini ko‘rish topshirildi. Aholiga dehqonchilik uchun auksionga chiqarilib, talabgor aniqlanmagan 1 ming 157 gektar ekin yerlarini aholi uchun qulay hududlarga almashtirish, bu yerlarda kamida 15 ming ish o‘rni yaratishga ko‘rsatma berildi.