Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida avtomobil yo‘llari qurilishi sababli umumiy hisobda 70 mingga yaqin daraxt ildizi bilan kesilishi mumkin, deya yozmoqda jurnalist Ilyos Safarov o‘zining Telegram kanalida.

Unga ko‘ra, Buxoroda 23 ming, Surxondaryo viloyatida esa 45 mingdan ortiq daraxtni yo‘q qilish bo‘yicha reja mavjud va loyiha allaqachon hukumatga topshirilgan. Ishlar avgustdan tezlashtirilgan tartibda boshlanishi kutilmoqda.

Jurnalist bu haqda yozarkan, “Agar hukumat shunday loyihaga ega bo‘lsa va yoki u amalga oshsa, eslab qoling, bu O‘zbekiston uchun chinakamiga „o‘lim loyihasi“ bo‘ladi. Biz shusiz ham dunyoda ekologiya muammolaridan eng ko‘p aziyat chekayotgan mintaqaga aylanib bormoqdamiz. Bir tup daraxtni o‘stirib olish ming azob bo‘lgan ikki hududda 70 ming daraxt kesilishi inqirozimizni yanada tezlashtirib yuboradi”, — deydi u.

27-iyul kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ekologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov mazkur masalaga munosabat bildirdi.

buхоро вилояти, daraxt kesilishi, сuрхондарyo вилояти

Foto: Ekologiya vazirligi

“Loyihadan xabarimiz bor, bu bo‘yicha vazirlik o‘z munosabatini bildirgan. Bu hali loyiha jarayonida. Loyiha hujjatlari vazirlik [bilan] kelishilmagan ham. Yo‘l bo‘yida kesilishi mumkin bo‘lgan daraxtlarni asrab qolish bo‘yicha biz tegishli organlarga qo‘shimcha ravishda xatlar bilan murojaat qildik”, — dedi u.

Qudratovning aytishicha, Surxondaryoda ham, Buxoroda ham jamoatchilik eshituvi tashkil qilinadi. “Natijalarga qarab tegishli qaror qabul qilinadi. Bu borada Vazirlar Mahkamasi bilan ham kelishib olganmiz. Biz birinchi navbatda o‘sha hududlarga borib, daraxtlarni asrash bo‘yicha choralarni ko‘ramiz”, — deya qo‘shimcha qildi vazir o‘rinbosari.

Jurnalist Ilyos Safarov esa “Qayerdan yo‘l qurishsa qurishsin, lekin birorta daraxt kesilishi va yo ko‘chirilishiga rozi bo‘lmaymiz”, — dedi unga javoban.

Jamoatchilik bundan norozi

Ushbu hududlarda kesilishi kutilayotgan 70 mingga yaqin daraxtni saqlab qolish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda #DaraxtlarniAsraylik, #NafasOlolmayapman xeshteglari ostida norozilik aksiyasi o‘tkazilmoqda.

buхоро вилояти, daraxt kesilishi, сuрхондарyo вилояти

Foto: Telegram / @mirzo_zominiy

Jamoatchilik faollari ham, xususan, iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov daraxtlar kesilishi loyihasi haqida fikr bildirarkan, “O‘zbekistonda daraxt ko‘chirish bu daraxt kesishning chiroyli niqoblangan varianti hisoblanadi. Hamma o‘zbek chinovniklari tupurib qo‘ygan moratoriyni aylanib o‘tishning eng ko‘p tarqalgan ko‘rinishi”, — dedi u.

“O‘ylashimcha, qaror allaqachon qabul qilib bo‘lingan, ertalabdan kesish boshlanadi. Faqat davlat rahbari va jamoatchilikning irodasigina bu yashirin qotillikni to‘xtatib qolishi mumkin”, — deb yozadi bloger.

Ta’lim eksperti Komil Jalilov esa shunday deydi:

“Xabar berishlaricha, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi (va bugundan turizm ham?) vazirligiga „yo‘l qurish“ maqsadida (bahonasida?) daraxtlarni ko‘chirish (de-fakto o‘ldirish?) uchun xulosa berish topshirilgan. Vazirlik shu yo‘l bilan iqlim o‘zgarishiga hissa qo‘shmoqchidir, balki. O‘zi shundoq ham atrof-muhit (ekologiya) bo‘yicha dunyodagi eng yomon 6 davlatdan biri ekanmiz. Qiziq, maqsad bu „sharafli“ reytingda yanada yuqoriroq o‘ringa chiqib, „ekstremal“ turizmni rivojlantirishmi? Yoki „zaxira“ hovlisi borning „zaxira“ hovlisi bo‘lmaganlar bilan nima ishi bor…mi?” — deya post qoldirgan u.