1-avgustdan alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalari joriy etiladi. Bu haqda hukumatning “Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi axborot xizmati.

Bunda ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi tashkilotlar mahsulotlarga yangi namunadagi aksiz markalarini yopishtirishi kerak. Alkogol va tamakini ishlab chiqarishda (import qilishda) eski namunadagi aksiz markalaridan ham foydalanish mumkin. Biroq mahsulot qoldiqlarini 5 oy mobaynida sotishga ruxsat beriladi.

Ulgurji va chakana savdo tarmog‘ida eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan mahsulotlar belgilangan muddatdan keyin 12 oy o‘tgach markalanmagan deb hisoblanadi va olib qo‘yiladi.

2024-yil 1-noyabrdan esa eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan alkogol va tamaki mahsulotlarini aniqlash, ularning olib kirilishi, ishlab chiqarilishi hamda sotilishining oldini olish choralari ko‘riladi.

Qarorga ko‘ra, aroq mahsulotlarini saqlash va yaroqlilik muddati ishlab chiqaruvchilar tomonidan mustaqil ravishda 24 oygacha etib belgilanadi.