“Yunistrim” O‘zbekistonda odatdagidek ishlashda davom etishini, bank mijozlari avvalgidek narxda va qo‘shimcha komissiya xarajatlarisiz pul o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkinligini xabar qildi.

Shuningdek, kompaniya O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari limitini oshirdi. Endilikda UzCard va HUMO kartalarini to‘ldirish limitlari:

  • bir martada — 16 mln 499 ming 988 so‘mgacha;
  • oy davomida bitta karta uchun umumiy — 164 mln 999 ming 999 so‘mni tashkil etadi.

Pul o‘tkazmalarini yuborish milliy valyutada tushirib berish shaklida rublda amalga oshiriladi.

20-iyul kuni AQSh mazkur to‘lov tizimiga xizmat ko‘rsatuvchi xuddi shu nomdagi “Yunistrim” bankiga qarshi bloklovchi sanksiyalar joriy qilgandi. Shundan so‘ng “Yunistrim” hamkorlar bilan barqaror rejimda, uzluksiz ishlash imkonini beruvchi infratuzilma yechimini ishlab chiqqanini ma’lum qildi. Bu qanday vosita ekani va nimani anglatishi bo‘yicha ma’lumot berilmadi.

25-iyul holatiga, O‘zbekistondagi kamida 5 ta bank “Yunistrim” bilan ishlashni to‘xtatdi. Tizimning ishlashi Qozog‘iston, Armaniston va Gruziyada ham cheklandi.

Shuningdek, 2022-yil 25-iyulidayoq Kapitalbank “shubhali tranzaksiyalar” tufayli Contact, “Zolotoy Korona” va “Yunistrim” orqali pul o‘tkazmalariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgandi. Bundan oldinroq — o‘tgan yilning fevral oyidan boshlab “Ipak yo‘li” banki tomonidan “texnik sabablarga ko‘ra” mazkur tizimdan to‘lovlar amalga oshirilishi to‘xtatilgandi. Tizim bilan ishlash qayta tiklangani haqida xabar berilmagan.

“Yunistrim”ning mijozlariga dunyoning 63 mamlakatidagi 150 ming nuqtada xizmat ko‘rsatiladi. Uning asosiy biznesi pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq bo‘lib, daromadining salmoqli qismi MDH davlatlaridan kelgan mehnat migrantlarining operatsiyalari bilan bog‘liq hisoblanadi. Ular rublda maosh oladi va uyiga dollarda pul jo‘natadi.