Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti qishloq xo‘jaligida dronlardan foydalanish bo‘yicha xorij tajribasini o‘rganib chiqdi. Institut mutaxassislari O‘zbekistonda olib kirish va foydalanish uchun ruxsat olishning ancha murakkab tartibi tufayli qishloq xo‘jaligida agrodronlardan foydalanish keng tarqalmaganini qayd etgan.

“Qishloq xo‘jaligida dronlardan muvaffaqiyatli foydalanayotgan mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda qishloq xo‘jaligi dronlarini olib kirish, ulardan foydalanish va bu bo‘yicha me’yoriy-huquqiy bazani qayta ko‘rib chiqish hamda litsenziyalash tartib-taomillarini yengillashtirish zarur”, — deyiladi Institut maqolasida.

Shuningdek, mutaxassislar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida dronlardan foydalanishni kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash tizimini ishlab chiqish talab etilishini aytgan. Bundan tashqari, professional kadrlar tayyorlash uchun qishloq xo‘jaligi dron operatorlari maktablarini ochish kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida dronlardan foydalanish sanoatda hosildorlikni oshirish, hosil sifatini yaxshilash, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, shuningdek, yoshlarni qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga jalb qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi aytilgan.

O‘zbekistonda 2021-yilning noyabr oyidan boshlab qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar uchun mo‘ljallangan, maksimal uchish og‘irligi 100 kilogrammgacha (boshqa maqsadlarda 25 kilogrammdan ortiq bo‘lmagan) uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanishga ruxsat etilgan.

Maqolada qishloq xo‘jaligida agrodronlardan foydalanishning bir qancha asosiy afzalliklari sanab o‘tilgan bo‘lib, ular quyidagilar:

  • Dala monitoringi va tadqiqotlari: Agrodronlar sensorlar va kameralar bilan jihozlangan bo‘lib, ular ekin jarayonini kuzatish, kasalliklar, hosildorlik darajasini aniqlash va hatto ob-havo sharoitini bashorat qilish imkonini beradi. Bu fermerlarga to‘g‘ri qaror qabul qilish va o‘z dalalarini yanada samarali boshqarishda yordam beradi.
  • Dalaga ishlov berish: Agrodronlardan dalalarga yuqori aniqlikdagi purkash tizimi vositasida ishlov berishda foydalanish mumkin. Bu o‘g‘it va pestitsidlarni yanada samarali va aniq qo‘llash, isrofgarchilik va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish imkonini beradi.
  • Ekish: Agrodronlar ekish jarayonini avtomatlashtirishi mumkin. Bu esa urug‘larni dala bo‘ylab bir tekis taqsimlash imkonini beradi. Bu ekish samaradorligini oshiradi va yuqori hosil olishga olib keladi.
  • Ekinlarni skanerlash: Agrodronlarga o‘rnatilgan ixtisoslashtirilgan kameralar va sensorlar ekinlarning holatini baholash va optimal hosil vaqtini aniqlash uchun skanerdan o‘tkazish imkonini beradi. Bu fermerlarga hosilni ayni yetilgan paytda yig‘ib olish va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikda yordam beradi.
  • Hosildorlikni oshirish: Agrodronlardan foydalanish qishloq xo‘jaligidagi jarayonlarni avtomatlashtirish va optimallashtirish imkonini beradi. Bu esa hosildorlikning oshishi va mehnat xarajatlarining pasayishiga olib keladi.

Xorij mamlakatlaridan Yaponiya va Polshada qishloq xo‘jaligida dronlardan foydalanish qanday samara bergani o‘rganilgan.

Polsha Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq ishlari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, dronlardan foydalanish tarmoq unumdorligini 5 foizgacha oshirishi va har yili iqtisodiy qiymatning 2,5 milliard yevroga qo‘shimcha oshishiga olib kelishi mumkin. Polsha hukumati fermerlarni dron texnologiyasini qo‘llashga chaqirmoqda. Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq ishlari vazirligi fermerlarni dronlar uchun mablag‘ ajratishga rag‘batlantirish uchun grantlar va boshqa imtiyozlarni taqdim etmoqda.

Yaponiyani ham dronlardan muvaffaqiyatli foydalanish bo‘yicha namuna sifatida ko‘rish mumkinligi aytilgan. Chunki mamlakat Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklari vazirligi dronlarning tijoratlashtirilishiga to‘sqinlik qilmagan va aksincha, dronlardan xavfsiz foydalanish uchun maxsus qoidalar va operatorlarga litsenziya berish tizimini ishlab chiqqan holda texnologiyani ishga tushirgan.

So‘nggi o‘ttiz yil davomida o‘zgarmagan ushbu qoidalar quyidagi xususiyatlarni o‘z ichiga oladi: uchuvchisiz uchadigan apparatda ekipajning yo‘qligi, past tezlik — soatiga 20 kilometr, maksimal parvoz balandligi 3−5 metr va parvozdan oldin tekshirish.

Ushbu qoidalar oddiy bo‘lsada, fermerlarga o‘z xo‘jaliklarida ushbu texnologiyadan osongina foydalanish imkonini beradigan asosiy yagona tamoyillarni belgilab bergan. Bugungi kunda dronlar Yaponiya qishloq xo‘jaligining ajralmas qismi bo‘lib, yaqin yillarda ulardan foydalanish faqat oshishi kutilmoqda. Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklari vazirligi hisobotiga ko‘ra, 2023-yil oxirigacha Yaponiyada agrodronlar bozori 13,6 milliard iyenaga (taxminan 125 million dollar) yetadi.