O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi regulation.gov.uz portalida xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha yangi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Unga ko‘ra, 2023−2024 o‘quv yilidan boshlab kollej va texnikumning qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalariga o‘qishga topshirgan xotin-qizlar to‘liq grant asosida o‘qiydi. Ularning xarajatlari to‘liq davlat budjetidan qoplanadi. Buning uchun o‘qishga qabul qilingan xotin-qizlar o‘zlari ta’lim oladigan muassasa direktori nomiga 1-oktabrgacha ariza bilan murojaat qiladi. Mazkur muddatdan keyin taqdim etilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.

Shuningdek, agar hujjat qabul qilinsa, ayni shu 5 ta yo‘nalishga o‘qishga topshirgan 3 yoshgacha farzandi bor kollej va texnikum o‘quvchi-qizlari masofaviy o‘qishiga ruxsat beriladi.

Loyihaga taklif bildirishni istaganlar 4-avgustgacha o‘z fikrlarini regulation.gov.uz portaliga kiritishlari mumkin.