2023-yilning yanvar-iyun oylarida tez tibbiy yordam xizmatiga jami 1752 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ko‘rsatkich 2022-yilning ayni shu davriga nisbatan qariyb 975 taga kamaygan.

Eng ko‘p yolg‘on chaqiriq Toshkent viloyatida kuzatilgan — 325 ta. Keyingi o‘rinda Farg‘ona viloyati qayd etildi — 284 ta. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidan 248 ta ana shunday murojaat kelib tushgan. Eng kam yolg‘on chaqiriq esa Samarqand viloyatida ro‘yxatga olindi — 17 ta.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil yanvar-iyun oylarida tez tibbiy yordam xizmatiga jami 6 mln 337 mingta chaqiriq kelib tushgan. Ularning eng ko‘pi vodiy viloyatlari va poytaxtda qayd etilgan. 2022-yil davomida chaqiriqlar soni 13 milliondan oshgandi.