21-iyul kuni Dushanbe shahrida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda bosh vazir matbuot xizmati xabar qildi.

Suhbat avvalida Abdulla Aripov Emomali Rahmonga Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘z navbatida, Tojikiston rahbari Shavkat Mirziyoyevni prezident saylovidagi g‘alabasi bilan samimiy tabriklab, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini taminlash, O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi.