Samarqand viloyat IIB YHXBning 2022-yil 16-iyundagi tezlik oshirilgani uchun chiqargan jarima solish to‘g‘risidagi qarori Oliy sud tomonidan bekor qilindi. Bu haqda Kun.uz xabar qildi.

Gap shundaki, haydovchi qoidabuzarligi ko‘chma radar orqali qayd etilgan, lekin haydovchiga o‘z qoidabuzarligi bo‘yicha moslamaning ko‘rsatkichlari bilan tanishtirilmagan. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 31-bandiga asosan, ko‘chma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanganda, YPX xodimi harakat tezligini oshirib qoidani buzgan haydovchini moslamaning ko‘rsatkichlari bilan tanishtirishi, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni ko‘rsatishi lozim.

Dastlab, Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudi qarori bilan fuqaroga IIBB YHXB tomonidan chiqarilgan qaror o‘zgarishsiz qoldirilgan. Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi sud qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzar (haydovchi) “Toshkent — Termiz” avtomobil yo‘lida belgilangan 70 km/soat tezlik chegaralangan joyda 82 km/soat tezlikda harakatlangan. Haydovchining tezligi “Multiradar CD” (avtomobilga o‘rnatilgan radar) vositasi orqali aniqlangan bo‘lib, bu vosita mobil kompleks hisoblanadi.

Shu sababli ushbu vosita orqali qoidabuzarlikni Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 975-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomda ko‘rsatilgan “Ko‘chma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanganda, YPX xodimi moslamaning ko‘rsatkichlari bilan harakat tezligini oshirib, qoidalarni buzgan haydovchini tanishtirishi, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni ko‘rsatishi lozimligi, shuningdek mazkur talabga rioya etilmagan holda rasmiylashtirilgan bayonnomalar yuridik kuchga ega bo‘lmasligi va huquqiy oqibat huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmasligi” haqidagi talablar asosida amalga oshirishi lozim.

Biroq Samarqand viloyati IIBB YHXB inspektori tomonidan ushbu talablarga rioya qilinmagani birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudlarining e’tiboridan chetda qolgan. Natijada Oliy sud kassatsiya instansiyasining 2022-yil 14-oktabrdagi qarori bilan Chirchiq shahar sudi va Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining qarorlari bekor qilinib, haydovchiga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish MJtKning 271-moddasi 1-bandiga aossan tugatilgan.

“Bundan ko‘rinadiki, „uchoyoq“ yoki avtomobil (odatda Nexia-3)ga o‘rnatilgan radarlardan tezlik uchun jarima olgan fuqaro, agar YPX xodimi uni to‘xtatmagan va harakat tezligi ko‘rsatkichi bilan tanishtirmagan bo‘lsa, jarimani sud orqali bekor qilish huquqiga ega. Bunda jinoyat ishlari bo‘yicha tegishli sudga shikoyat qilish, ushbu maqolada va Oliy sudning 2023-yilgi 1-son axborotnomasi 22-betida ko‘rsatilgan holatni arizada eslatib o‘tish mumkin”, — deyiladi maqolada.

YHXX huquqshunosning gaplarini inkor qilishga urindi

Internetda huquqshunos tomonidan haydovchilarga shu masalada maslahat berilgan video tarqaldi. Video muallifi ko‘chma radarlar qayd etgan tezlikka doir qoidabuzarlik bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar, agar haydovchi radardagi ko‘rsatkich bilan tanishtirilmagan bo‘lsa, haqiqiy deb hisoblanmasligini ta’kidlaydi.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati masalaga izoh berishga va huquqshunosning iddaolarini rad etishga uringan. Lekin, rasmiylar munosabati aks etgan videoda huquqshunos aytgan gaplar odamlarni chalg‘ituvchi darajada kesilib, kontekstdan masalaning mohiyatidan uzoqlashtiruvchi darajada montaj qilib ko‘rsatilgan.

“Ya’ni bundan go‘yo gap aynan qaysi turdagi radarlar haqida ketayotganini bildirmaslik maqsad qilingan”, — deyiladi maqolada.