O‘zbekistonda “yashil vodorod” ishlab chiqarish majmuasini qurish avgust oyida boshlanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Alohida yangi yo‘nalish — bu „yashil vodorod“. U Saudiyaning ACWA Power kompaniyasi bilan muqobil energiya manbalaridan vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha kelishilgan loyihadir. [Prezident] avgust oyida ushbu loyihaning tamal toshini qo‘yib, ishlarni jadallashtirishni alohida ta’kidlab o‘tdi”, — dedi vazir.

Yil boshida ACWA Power Energetika vazirligi va “O‘zkimyosanoat” kompaniyasi bilan ikkita shartnoma imzoladi, deb yozgandi Spot nashri Zawya agentligiga tayanib.

Saudiya kompaniyasi ulardan biri bo‘yicha “yashil vodorod” ishlab chiqarish majmuasini yaratishga sarmoya kiritadi. Inshoot Chirchiq shahridagi ammiak zavodi negizida quriladi. Majmuaning loyiha quvvati yiliga 3 ming tonna vodorodni tashkil etishi aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, uning ishga tushirilishi kimyo sanoatidagi uglerod izlarini kamaytiradi va “iqtisodni karbonsizlantirishga” yordam beradi.

Bundan tashqari, ACWA Power ekologik toza ammiak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu har yili 600 million kub metr gazni tejash va karbonat angidrid chiqindilarini 1,5 million tonnaga kamaytirish imkonini beradi.