“Vaqf” xayriya jamoat fondi 2023-yilning dastlabki 6 oy davomida 16 659 713 130 so‘mdan ziyod mablag‘ni xayriya sifatida sarfladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda fond axborot xizmati rahbari Saidabror Umarov ma’lum qildi.

Fond tomonidan xayriya, zakot, vaqf mulklari, ziyoratgohlar, diniy tashkilotlar va aksiyalar orqali kelib tushgan mablag‘lar hamda homiylar va hamkor tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan moddiy ko‘rinishdagi ehsonlar quyidagicha sarflangan:

  • Diniy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish maqsadida “Qur’on va tajvidni o‘rgatish” o‘quv kurslari dars xonalariga 11 dona smart doska uchun — 187 million so‘m;
  • Diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda texnik xodimlarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun — 2 393 163 130 so‘m;
  • Diniy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 141 nafar talabalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash va to‘lov-shartnomalari uchun — 745 635 000 so‘m;
  • Masjidlar va ziyoratgohlarning xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun — 130 million so‘m;
  • Yurtimizda faoliyat olib borayotgan 2119 nafar imom-xatiblarning har biriga bir martalik 5 million so‘mdan jami 10 595 million so‘m, 192 nafar otinoylarning har biriga 3 000 000 so‘mdan jami 576 million so‘m;
  • Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun — 1 195 915 000 so‘m, shundan imkoniyati cheklangan, nogironligi bor bo‘lgan shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun — 407,9 million so‘m;
  • Turli xayriya tadbirlari uchun — 216 million сўм;
  • Viloyat vakilliklarining ma’muriy harajatlari uchun berilgan moddiy yordam — 70 million so‘m miqdoridagi mablag‘lar sarflandi.

Bundan tashqari, “Qurbon hayiti — 2023” tadbiri doirasida 471 million so‘m qiymatidagi go‘sht va Saudiya Arabistoni tomonidan taqdim etilgan 25 tonna hurmolar bayram sovg‘asi sifatida haqdorlarga yetkazildi.

Shuningdek o‘tgan 6 oy davomida mamlakatmizning ichimlik suvi tanqis bo‘lgan turli hududlaridagi aholini toza ichimlik bilan ta’minlash maqsadida “Vaqf suvlari” loyihasi doirasida Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi quduq uchun 80 million so‘m fond hisobidan sarflangan bo‘lsa, homiylarni jalb qilgan holda 3 ta artezian qudug‘i qazib ishga tushirildi. Yana 3 ta hududda qazish ishlari amalga oshirilmoqda.