Xalqaro boks assotsiatsiyasi o‘zbekistonlik afsonaviy bokschi Rufat Risqiyevni avtomashina bilan taqdirladi. Bu haqda Xalqaro boks assotsiatsiyasi xabariga tayanib, O‘zA yozmoqda.

Faxriy sportchiga maxsus sertifikat hamda “Malibu 2” avtomobilini IBA rahbari Umar Kremlev topshirdi. Shuningdek, tashkilot rahbari boks oilasi nomidan uning mehnatiga minnatdorchilik bildirdi.

Xabarda keltirilishicha, uchrashuv davomida Rufat Risqiyev Xalqaro boks assotsiatsiyasi prezidentining faxriylar masalasida maslahatchisi etib tayinlangani e’lon qilingan.

Ma’lumot uchun, boks bo‘yicha jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlari sovrindori Rufat Risqiyevga IBA tomonidan umrbod 1000 dollari miqdorida maosh tayinlangan.

руфат рисқиев

Ma’lumot uchun, o‘zbek boksining chinakam afsonasi Rufat Risqiyev 1949-yilning 2-oktabrida Toshkent viloyatida tug‘ilgan. O‘zbekiston jismoniy tarbiya institutida tahsl olgan. 1974-yilda 75 kg vazn tofiasida jahon chempioni bo‘lgan. 1976-yilda Olimpiada kumush medali sovrindoriga aylangan. “Toshkent yo‘lbarsi” nomi bilan tanilgan bokschi Avstriya, Bolgariya, Vengriya, Polsha, Chexoslovakiya, Yugoslaviyada o‘tkazilgan xalqaro turnirlar g‘olibi hisoblanadi. U Kuba ochiq chempionatining 2 karra (1973, 1974) chempioni. Bokschi “Dinamo” sport jamiyatida yo‘riqchi, Toshkent politexnika instituti kafedra mudiri, Respublika olimpiya o‘rinbosarlari bilim yurtida murabbiy sifatida faoliyat yuritgan. Rufat Risqiyev bokschi hayoti va faoliyati haqida “Ringga chaqiriladi” badiiy filmida bosh rolni ijro etgan. “Buyuk xizmatlari uchun” va “El-yurt xurmati” ordenlari bilan taqdirlangan. U faoliyati davomida 189 marta jang o‘tkazib, 174 marta g‘olib, deb e’lon qilingan.