16-iyul kuni soat 06:00 da Qoraqalpog‘istonning Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining Beruniy davlat o‘rmon xo‘jaligi uchastkasida 2 ta Buxoro bug‘usining jasadi topildi, deya xabar bermoqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

Jonivorlar brakonerlar tomonidan qo‘yilgan tuzoqqa tushgan. Hayvonlarning nobud bo‘lishiga aloqador shaxslarni aniqlash maqsadida Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati boshqarmasi inspektorlari voqea joyida pistirma tashkil qilgan. Bir necha soat o‘tgach, niqobli ikki noma’lum shaxs pistirmaga yaqinlashgan, ammo inspektorlarni payqab, voqea joyidan qochib ketgan.

Quyi Amudaryo qo‘riqxonasi inspektorlarining o‘tkazgan tezkor harakatlari natijasida Beruniy tumani IIB xodimlari bilan hamkorlikda voqeaga aloqador brakonerlar — Beruniy tumani Biybozor qishlog‘ida yashovchi 30 yoshli Sh. A., 33 yoshli R. B. va 38 yoshli I.D.lar qo‘lga olingan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Beruniy tumani IIB tomonidan hayvonlarning nobud bo‘lganligi fakti yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.