Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Komiljon Akramov iqtisodchi Behzod Hoshimovning “Hoshimov iqtisodiyoti” YouTube loyihasida mehmon bo‘lib, oziq-ovqat xavfsizligi va O‘zbekiston iqtisodiyoti bilan bog‘liq savollarga javob berdi. Komiljon Akramov O‘zbekistondagi oziq-ovqat sifati haqidagi savolga javob berayotib, mamlakatdagi bolalarning 10,8 foizi rivojlanishdan ortda qolayotganiga to‘xtaldi.

Behzod Hoshimov Komiljon Akramovga savol berib, qozog‘istonlik sayohatchilardan biri O‘zbekiston haqidagi qaydlarida o‘zbek bolalarining bo‘yi qozoq tengdoshlarinikidan past ekani haqida yozganini eslatib o‘tdi. Keyin esa Hoshimov bu bo‘yicha o‘zi mulohazalarini aytib, Akramovdan buning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini so‘radi:

“Bolaning [sifatsiz] ovqatlanishi 2 yoshdan taxminan 15 yoshgacha uning yoshiga nisbatan past, ya’ni „stunted“ bo‘lishini kafolatlaydi. Masalan, Hindistonda bu katta muammo, bolalar ovqatlanmaydi, bo‘yi past. 1982-yilda sovetlar bo‘y o‘lchashgan. O‘shanda qozog‘istonliklar va o‘zbekistonliklar o‘rtasida farq katta emasdi. Hozir Qozog‘istonda iqtisodiy rivojlanish bo‘ldi. Lekin O‘zbekistonda sistematik ravishda bo‘y o‘lchashmayapti. Mening qo‘limda hozir ma’lumot yo‘q, lekin, tushunishim bo‘yicha, hozir Qozog‘istonga borsangiz, bolalar [bo‘yi] bizning bolalardan ancha balandroq. Ular qachondir balandroq emasdi, ya’ni genetik qismi yo‘q bo‘lib ketgandi deylik. O‘zbekistonda kambag‘al bo‘lgani uchun bolalar yetarlicha ovqatlanmaydi, shuning uchun [ularning] bo‘yi past desa bo‘ladimi?”, — degan Hoshimov.

Ma’lumot o‘rnida, stunting 5 yoshgacha bolalarda o‘lchanadigan ko‘rsatkich hisoblanadi. Stunting bola bo‘yining yoshga nisbatan pastligini anglatadi. Ko‘rsatkich Jahon savdo tashkilotining distributsiyasi bo‘yicha hisoblanadi.

Komiljon Akramov bu albatta yetarli va to‘g‘ri ovqatlanish masalasi (nutrition) bilan bog‘liqligini aytdi.

“UNICEF Statistika agentligi va Cog‘liqni saqlash vazirligi bilan o‘tkazgan 2017-yilgi „Global Nutrition Report“ ko‘rsatilishicha, O‘zbekistonda har o‘n nafar boladan biri „stunted“ (rivojlanishdan ortda) deyilyapti. Lekin bu juda baland emas. Agar solishtiradigan bo‘lsangiz, 90 yillarda bu 30 foizdan baland bo‘lgan. 2010-yilda ham 20 foizdan baland bo‘lgan. Agar ko‘rsatkich haqiqatan ham 30−20 foizdan 10 foizgacha, ya’ni 3 baravarga pasaygan bo‘lsa, bu dinamikada yaxshi ko‘rsatkich”, — dedi mutaxassis.

Iqtisodchi ko‘rsatkich bu davrda keskin kamayganiga qaramay, 10 nafar boladan biri “stunted” (rivojlanishdan ortda) ekani yaxshi holat emasligini ta’kidlab o‘tgan.

“Sodda qilib aytganda, O‘zbekistonda har o‘n nafar boladan biri yetarli va to‘g‘ri ovqatlanmagani uchun jismoniy rivojlanishdan ortda. Buning kognitiv ta’siri, ya’ni nafaqat bo‘y o‘sishi balki miya ishlashiga ham ta’siri bor. Bu to‘yib yoki yetarli darajada ovqatlanmaslikdan ham bo‘lishi mumkin. Ya’ni yetarli darajada hamma vitaminlar, mikroelementlar iste’mol qilmasligi natijasi ham bo‘lishi mumkin”, — deydi Komiljon Akramov.

Qayd etilishicha, bu raqam butun O‘zbekiston bo‘yicha o‘rtacha olingan. Shahar va qishloqlar o‘rtasidagi farq katta emas, lekin viloyatlar o‘rtasidagi farq katta. Viloyatlar o‘rtasida farq ikki xonali raqamgacha yetadi.

“Toshkentda bu ko‘rsatkich adashmasam, 2 foiz atrofida (o‘rtacha ko‘rsatkichdan 5 baravar yaxshi). Bunga asosiy sabablardan biri iqtisodiy. Ma’lumotlar yetishmasligi yoki odamlarning irratsional ovqatlanishi ham sabab bo‘lishi mumkin, lekin iqtisodiy sabab asosiysi”, — dedi IFPRI katta ilmiy xodimi.

Komiljon Akramov oziq-ovqat yetishmovchiligi bo‘yicha Markaziy Osiyo bo‘yicha vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, bu ko‘rsatkich bo‘yicha 1990-yillardagi vaziyat Markaziy Osiyo mamlakatlarida deyarli bir xil bo‘lgan. Keyinchalik Qozog‘iston ovqatlanish xilma-xilligi darajasi bo‘yicha Rossiya, Belorus bilan bir xil darajaga yetib olgan. Hozirda ulardagi vaziyat Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagidan keskin farq qiladi. Ya’ni o‘zbekistonliklar qozog‘istonliklarga nisbatan ancha sifatsiz kaloriya iste’mol qiladi.