Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Komiljon Akramov iqtisodchi Behzod Hoshimovning “Hoshimov iqtisodiyoti” YouTube loyihasida mehmon bo‘lib, oziq-ovqat xavfsizligi va O‘zbekiston iqtisodiyoti bilan bog‘liq savollarga javob berdi.

Komiljon Akramov O‘zbekiston iqtisodiyotida 1990-yillarda yo‘l qo‘yilgan xatolar haqida gapirarkan, qaror qabul qiluvchilarni o‘sha vaqtdagi xato qadamlardan Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari va mashhur makroiqtisodchilardan Stenli Fisher ham to‘xtata olmaganini ta’kidladi.

“O‘zbekiston iqtisodiyoti — resurslarga asoslangan iqtisodiyot. Asosiy eksport o‘sha payt [1990-yillar]da oltin, paxta bo‘lgan. Agar dinamikaga qarasangiz, 1990-yillarning birinchi yarmida jahon bozorida oltin narxi ham, paxta narxi ham nisbatan baland bo‘lgan. 1990-yillarning ikkinchi yarmida narx pasayishni boshlagan. Agar 1997-yil bilan 1994, 1995-yillarni solishtirsangiz, menimcha, ikki baravar farq bor”, — dedi Komiljon Akramov.

Uning aytishicha, 1996-yil subyektiv va obyektiv sabablarga ko‘ra qishloq xo‘jaligida ham qiyin yil bo‘lgan: eski tizim parchalangan, yangi tizim hali yaratilmagan bir vaqtda paxta planlari bajarilmagan, yerlar haydovsiz qolib ketgan.

“O‘sha payt prezident va hukumat oldida nima qilish kerak, degan vazifa turgan. Paxtaning narxi tushib ketyapti, oltin narxi tushib ketyapti, vaziyat og‘irlashyapti. O‘sha vaqtda Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan hamkorlikdagi loyiha bo‘lar edi. Unga ko‘ra, ular mamlakatga budjet yoki valyuta kursini ushlash uchun, umuman, makroiqtisodiy barqarorlikni ushlab turish uchun pul berardi. Lekin ma’lum shartlar asosida u shartlarni bajarish kerak. Xususan, bu shartlar orasida texnik shartlar, pul massasi qancha bo‘lishi kerakligi [pul chop etmaslik] bo‘yicha talablar bo‘lgan”, — dedi iqtisodchi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, o‘sha vaqtda yerni haydash va boshqa ishlar uchun mablag‘ kerak bo‘lgan. Oson yechim sifatida esa Markaziy bankning krediti orqali pul chiqarish, ya’ni pul chop etish varianti ko‘rilgan. Xalqaro valyuta jamg‘armasi bunga qarshi bo‘lgan. Lekin mamlakat rahbariyati boshqa yechim topa olmagan.

Pul Xalqaro valyuta jamg‘armasining tavsiyalarini eshitmasdan chop etilgan — eng yomon yechim tanlangan. Iqtisodiyotga katta miqdorda ta’minlanmagan pul massasi kirib kelgan. U pul aylanib-aylanib, yo‘lini topib, valyuta bozoriga kirgan. Bir tomondan valyuta tushumlari pasayib ketgan — oltin va paxta narxi tushib ketgandi. Ikkinchi tomondan, valyuta bozoriga katta miqdorda so‘m kirib kelgan. Ya’ni ikki tomonlama shok kuzatilgan. Oxiri konvertatsiyani yopishga majbur bo‘lishgan. Kursning keskin tushishiga qo‘yib berish yana bir boshqacha yechim bo‘lardi. Menimcha, shu to‘g‘riroq, lekin qiyin yechim bo‘lardi”, — dedi Komiljon Akramov.

Mutaxassis Markaziy bankda o‘sha vaqtda kichikroq bo‘lsa ham, bu ish xato ekanini tushunib turgan guruh bo‘lganini aytdi.

“Birinchidan, o‘sha odamlar bu xato ekanini va qimmatga tushishini tushungan. Qanchalik qimmatga tushishini o‘sha vaqtda his qilolmaganmiz. Oldindan ko‘rolmaganmiz. Bu xato keyinchalik o‘zidan keyingi qanday xatolarga sabab bo‘lishini ham bilmaganmiz — hammasini keyin ko‘rdik. Ikkinchidan, bu bunchalik uzoq davom etishini xayolimizga ham keltira olmaganmiz. Bitta xato qilingandan keyin keyingi qo‘shimcha xatolar qilinavergan. Boyagi xatoni to‘g‘rilash uchun yana pul chop etish ishlari bo‘lgan. Valyuta bozoridagi muvozanatni to‘g‘rilash uchun naqd pulni nazorat qilish boshlangan. Shuning uchun naqd va naqdsiz pul o‘rtasida farq paydo bo‘lgan. Balki qaror qabul qilganlarda bu ma’lumot bo‘lmagandir”, — dedi Akramov.

Behzod Hoshimov “o‘sha paytda bu qaror olovni benzin bilan o‘chirish ekanini qaror qabul qiladiganlarga hech kim aytmaganmi”, deya so‘radi.

“Xalqaro valyuta jamg‘armasining missiyasi buni aytgan. Men yechim qabul qilingan joyda nimalar bo‘lganini bilmayman, pastda ishlaganman. Lekin Markaziy bank rahbariyatida buni tushunish bo‘lgan. Lekin ular buni hal qila olmagan. O‘sha paytda Xalqaro valyuta jamg‘armasining missiyasi rahbariga agar siz aytgan ishni qilsak, 1 oy yoki 6 oydan keyin valyuta kursiga nima bo‘ladi, deb savol berishgan. Men o‘sha xonada edim. U shunday degan: „Men nima bo‘lishini bilmayman, buni bozor biladi. Siz qanday siyosat olib borishingizdan kelib chiqadi. Buni hech kim hozir sizga aytib berolmaydi. Agar men buni bilganimda, bu yerda o‘tirmagan bo‘lardim. Lekin men sizga nima qilishingiz kerakligi bo‘yicha maslahat berishim mumkin“”.

O‘sha vaqtda mashhur makroiqtisodchilardan biri Stenli Fisher Xalqaro valyuta jamg‘armasining bosh direktori o‘rinbosari edi. Komiljon Akramovning aytishicha, u ham O‘zbekistonga kelib, prezident Karimov bilan uchrashgan, lekin baribir xato qarorlar qabul qilinishining oldini ololmagan. Shundan so‘ng Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistondagi barcha dasturlarini yopgan va doimiy vakilini olib ketgan.