O‘zgidromet xizmati agentligi 17−21-iyul kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi. Sinoptiklarning xabariga ko‘ra, joriy hafta davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha haroratning nisbatan o‘zgarib turishi kutilmaydi.

O‘tgan dam olish kunlari harorat tartibi bo‘yicha yoz faslining o‘rtasi uchun nisbatan qulay bo‘ldi. Kunduzgi havo harorati +34…+37 daraja atrofida, hatto eng janubiy hududlar bo‘yicha ham 40 darajadan ko‘tarilmadi.

Joriy haftaning boshi biroz issiq — kunduz kunlari +35…+40 daraja atrofida, janubda ba’zi joylarda +42…+44 daraja bo‘ladi. Hafta o‘rtasidan harorat foni +33…+38 darajagacha biroz pasayishi kutilmoqda. Respublika janubida ham harorat 2−3 darajaga pasayadi.

Ushbu hafta davomida hududning katta qismi bo‘yicha asosan quruq va kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Qoraqalpog‘iston Respubikasi va Xorazm viloyatida 17-iyulda va 18-iyulga o‘tar kechasi, shuningdek, 19−21-iyul kunlari O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

17−18-iyul kunlari shimolda va cho‘l hududlarda, 19−20-iyul kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.

Poytaxtda havo kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5−10 m/s tezlikda esadi, 19−20-iyulda 12−15 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin. Harorat asosan kunduz kunlari +37…+40 daraja, so‘ngra ish haftasining oxirigacha +36…+38 daraja bo‘ladi.