“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga Zufar G‘iyasovich Narzullayev rais vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar bermoqda. U faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun ishdan olingan Husnutdin Xosilovning o‘rnini egalladi.

Zufar Narzullayev 1996-yildan O‘zbekiston temir yo‘l sohasidagi tarkibiy bo‘linmalarida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

2009 — 2016-yillarda temir yo‘l tizimida kapital qurilish direksiyasiga rahbarlik qilgan va elektrlashtirilgan “Angren — Pop” temir yo‘li qurilishida faollik ko‘rsatgan.

2016 — 2017-yillarda Jizzax viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 2017-yildan buyon “O‘zshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi direktori lavozimida ishlab kelayotgandi. 2014-yilda “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Rahmetov Hikmatilla Narzullayevich “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.