11-iyuldan respublika hududi bo‘yicha termik depressiya kuzatildi, deb xabar berdi O‘zgidromet xizmati agentligi.

Qayd etilishicha, bu odatda O‘rta Osiyoning barcha hududlari bo‘yicha eng issiq ob-havo davri bilan bog‘liq bo‘lgan sinoptik jarayondir. O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq tropik havoning kirib kelishi kuchaydi.

Termik depressiyaning davomiyligi 2−3 kundan 5−7 kungacha o‘zgarib turadi, ayrim yillarda esa 1,5−2 haftagacha saqlanib turishi mumkin.

11−13-iyul kunlari issiq maksimal rivojlanish ko‘rsatkichlariga yetdi. Havo harorati +40…+42 darajagacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida +43…+45 darajagacha, Qizilqum cho‘lining g‘arbida ba’zi joylarda 46 darajagacha ko‘tarildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda har yili bunga yaqin maksimal harorat qiymatlari kuzatilmoqda. Biroq o‘tgan yillarda respublika hududi bo‘yicha o‘rnatilgan mutlaq maksimal harorat tengsiz bo‘lib qoldi.

ўзгидромет, termik depressiya, ob-havo, жазирама

Kuchli issiq davr uzoq davom etmadi. 13-iyuldan respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlariga Kavkaz hududlaridan nisbatan salqin havo kirib kelishi boshlandi va ushbu hudud bo‘yicha harorat 5−7 darajaga pasaydi.

12-iyulda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 13-iyulda Xorazm viloyati va Navoiy viloyati g‘arbiy tumanlarida issiq zaiflasha boshladi. Havo harorati 5−7 darajaga pasaydi.

Respublikaning qolgan hududlarida 14-iyuldan harorat pasayishni boshladi. Juma kuni kunduzi maksimal harorat +34…+39 darajani tashkil etadi, Surxondaryo viloyatining janubida +41…+43 darajagacha bo‘ladi.

Dam olish kunlari havo harorati +33…+38 darajadan oshmaydi, faqat ba’zi joylarda +39…+40 darajaga yetadi. Keyingi haftaning boshida havo harorati biroz ko‘tariladi, ammo bu ko‘tarilish yana qisqa muddatli bo‘ladi.