Vazirlar Mahkamasi “Ish haqini natura shaklida to‘lashni tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanali.

Qarorga ko‘ra, mehnatga natura shaklida haq to‘lanishi xodimning yozma roziligiga asosan quyidagi hollarda mumkin bo‘ladi:

  • xodim yoki uning oilasi iste’moli uchun ish beruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan hisob-kitob qilish;
  • uy xizmatchilarini yollagan ish beruvchilar tomonidan ularga oziq-ovqat va vaqtincha yashash uchun uy-joy bilan ta’minlash shaklida hisob-kitob qilish.

Ish haqini natura shaklida to‘lash sharti xodimning roziligi asosida u bilan tuziladigan mehnat shartnomasida ko‘rsatilishi kerak bo‘ladi. Bunda ish haqining natura shaklidagi umumiy summasi 30 foizdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Bundan tashqari, xodimning yozma roziligidan qat’i nazar uning ish haqidan:

  • 50 foizgacha miqdorda ushlab qolinsa — xodimga natura shaklida to‘lanadigan ish haqining umumiy summasi 10 foizdan ortiq bo‘lishi mumkin emas;
  • 50 foizdan ortiq miqdorda ushlab qolinsa — xodimga ish haqini natura shaklida to‘lash taqiqlanadi.

Ish haqini natura shaklida to‘lashda quyidagilar taqiqlanadi:

  • xodimning oylik mehnat haqi qonunchilikda Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilangan miqdordan oz bo‘lganda, ish haqini natura shaklida to‘lash;
  • qishloq xo‘jaligi tovar va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilayotgan mahsulotlarning narxini ularning tannarxidan yuqori belgilash;
  • alkogol, tamaki mahsulotlari, dori vositalari, kannabis o‘simligi hamda qonunchilikda realizatsiya qilish (berish) taqiqlangan o‘simlik va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan hisob-kitob qilish;
  • uy xizmatchilarini yollagan ish beruvchilar tomonidan taqdim etilayotgan oziq-ovqatlar narxini va uy-joydan vaqtincha foydalanganlik uchun to‘lovlar miqdorini haqiqiy bozor narxidan yuqori narxda belgilash.

Ma’lumot o‘rnida, natura shaklidagi to‘lov bu xodimning bajargan ishi uchun pul ko‘rinishida bo‘lmagan ish haqi hisoblanadi.

Mehnat kodeksiga muvofiq mehnatga haq, qoida tariqasida, pul shaklida to‘lanadi. Mehnat haqini natura shaklida to‘lash taqiqlanadi. Hukumat tomonidan belgilangan hollar bundan mustasno hisoblanadi.