Kanokpan Lao-Araya Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistondagi vakolatxonasining yangi direktori etib tayinlandi, deb xabar qildi bank matbuot xizmati.

Kanokpan Lao-Araya OTBning O‘zbekistondagi faoliyatiga rahbarlik qiladi va bankning 2023−2028-yillarga mo‘ljallangan yangi mamlakat bilan hamkorlik strategiyasini tayyorlash va amalga oshirish jarayonini nazorat qiladi.

Ushbu strategiya doirasida OTB mamlakatning inklyuziv va bozor iqtisodiyotiga o‘tishi, xususiy sektorni rivojlantirish, “yashil” transformatsiya, iqtisodiy va ijtimoiy tengsizliklarni qisqartirish, mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani kengaytirish uchun ko‘makni kuchaytiradi, deyiladi hisobotda.

Kanokpan Lao-Araya Osiyo-Tinch okeani mintaqasida, jumladan, Markaziy Osiyoda 25 yildan ortiq rivojlanish va iqtisodiyot sohasida tajribaga ega. U OTBga 2001-yilda Tailand Moliya vazirligidan kelgan va shundan beri bankda bir qator yuqori lavozimlarda ishlagan.

Tayinlanishidan oldin u Qirg‘izistonda vakolatxona direktori bo‘lib ishlagan va u yerda bank faoliyatini, jumladan, Qirg‘iziston iqtisodiyoti va aholisi salomatligiga halokatli ta’sir ko‘rsatgan COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq ko‘makning ko‘rsatilishini boshqargan.

Lao-Araya xonim Tailand fuqarosi bo‘lib, AQShning Indiana universitetining (Blumington) iqtisod fanlari nomzodi va magistr darajasiga va Tailandning Chulalongkorn universitetining iqtisod bo‘yicha bakalavr darajasiga ega.

O‘zining yangi lavozimida u OTBning Janubiy Osiyo departamenti bosh direktori o‘rinbosari etib tayinlangan Sindi Malvichini o‘rnini egallaydi.

OTBning 2022-yildagi O‘zbekistonga ko‘magi mamlakatning inklyuziv va bozor iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha islohotlariga qaratildi, bu esa O‘zbekistonning milliy rivojlanish strategiyasi bilan chambarchas bog‘liq. 2022-yilda OTB O‘zbekistonga davlat sektorida beshta loyiha va dasturni amalga oshirish uchun 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratdi. Bunga oziq-ovqat xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash, kam ta’minlangan guruhlarni ijtimoiy himoya qilish va COVID-19 pandemiyasi va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin ish o‘rinlari yaratish kiradi.

O‘zbekiston OTBga 1995-yilda a’zo bo‘lgan. Bugungi kunga qadar OTB O‘zbekistonga umumiy qiymati 11,5 milliard AQSh dollarlik 240 ta qarz, grant va davlat sektoriga texnik ko‘mak ajratdi. Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi (CAREC) dasturi doirasidagi mintaqaviy hamkorlik va integratsiya tashabbuslari OTBning O‘zbekistondagi faoliyatining ajralmas qismi bo‘lib qolmoqda.

OTB o‘ta qashshoqlikka barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishishga intiladi. OTB 1966-yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 68 mamlakat a’zo bo‘lgan. Ularning 49 tasi mintaqada joylashgan.