Jizzax viloyatida o‘g‘rilangan davlat raqamini avtomobiliga taqib, jami 292 ta tezlik qoidalarinibuzgan haydovchi qo‘lga olindi. Bu haqda “My5” telekanalining “Markaziy studiya” ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2023-yil 10-iyul kuni xalqaro M-39 Toshkent-Termiz yo‘lining G‘allaorol tumanidan o‘tgan qismida sirena va migalkalarini yoqib harakatlanib kelayotgan Malibu-2 mashinasi YHXB xodimlari tomonidan to‘xtatildi.

Transport tekshirilganida davlat raqami ushbu avtomashinaga tegishli emasligi hamda yukxonada yana bir juft davlat raqami borligi aniqlangan. Old oynasi noqonuniy ravishda qoraytirilgan va davlat raqam belgisini o‘zgartirib harakatlangan haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, mashina jarima maydoniga joylashtirilgan.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, mashinadagi davlat raqami 2022-yil 4-avgust kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida joylashgan ustaxonalarning biridan o‘g‘irlab ketilgani ma’lum bo‘lgan.

O‘g‘irlangan davlat raqami Toshkent shahrida yashovchi fuqaroning Nexia-1 mashinasiga tegishli ekani aniqlangan.

2022-yil 4-avgust kunidan to bugungacha o‘g‘irlangan davlat raqamlari Toyota Prado, Tracker, Malibu-2, Lacetti va Nexia-3 mashinalariga taqilgan va ular tomonidan 292 marta tezlik bo‘yicha qoidabuzarlik sodir etgan.

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.