Prezidentning 6-iyul kungi farmoni bilan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘z faoliyatida bevosita prezidentga va Oliy Majlis Senatiga hisobdor etib belgilandi.

Qo‘mita monopoliyaga qarshi respublika organi bo‘lib, har yili iqtisodiyotda raqobat muhiti va iste’molchilar huquqlarining himoya qilinishi holati to‘g‘risida hisobot berib boradi. U o‘z vakolatlarini davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.

Raqobat qo‘mitasi xodimlariga nisbatan qayta tashkil etilgan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash shartlari saqlanib qoladi.

2023-yil 1-oktabrdan boshlab:

  • eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning reyestri (ro‘yxati) joriy etiladi va ushbu reyestrni yuritish hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan kamsitmaslik shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat Raqobat qo‘mitasiga yuklatiladi;
  • Raqobat qo‘mitasi bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga (ustun muzokara kuchiga) ega bo‘lgan subyektlarni aniqlaydi va ular tomonidan ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishni taqiqlaydi;
  • raqobatga qarshi kelishuvni tuzgan yoki o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatni sodir etgan yuridik yoki jismoniy shaxs bu haqda Raqobat qo‘mitasiga birinchi bo‘lib ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, u raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikdan ozod etiladi;
  • davlat organlari davlat yordamini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini raqobat muhitiga ularning ta’sirini baholashdan o‘tkazish uchun Raqobat qo‘mitasiga majburiy tartibda kiritadi;
  • tovar, moliya va raqamli bozorda ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida sotiladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning monopol turlari bo‘yicha namunaviy shartnomalarni (ofertalarni) joylashtiradi. Bunda Raqobat qo‘mitasi ushbu shartnomalarni doimiy ravishda raqobatni cheklashga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va manfaatlarini kamsitishga olib keladigan shartlar kiritilgani holatlari yuzasidan o‘rganib boradi;
  • asosiy faoliyati tabiiy monopoliya sharoitida tovar ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyektlar tabiiy monopoliyalar sohasida faoliyat olib borganda ular tabiiy monopoliya subyektlari hisoblanmaydi. Bunda, ushbu xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan narxlar (tariflar) asossiz oshirilishi yoki noto‘g‘ri qo‘llanishi, tadbirkorlar va iste’molchilar huquqlari va manfaatlarining kamsitilishiga nisbatan raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari qo‘llaniladi;
  • manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida Raqobat qo‘mitasining xodimlari davlat xaridlari, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan, davlat-xususiy sheriklik hamda ishonchli boshqaruvga berish sohalaridagi tanlov (tender) komissiyalari tarkibiga kiritilmaydi;
  • raqobatga qarshi harakatlarga chek qo‘yishda iqtisodiy ta’siri past holatlar bo‘yicha birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik subyektlariga javobgarlik choralarini qo‘llamagan holda profilaktik tushuntirish tadbirlarini amalga oshirish tartibi joriy etiladi;
  • Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Biz sizni eshitamiz” loyihasi joriy qilinadi va ushbu loyiha doirasida har chorakda kamida bitta tarmoqdagi tadbirkorlar va xorijiy investorlar bilan uchrashuv o‘tkazish, raqobatga to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
  • raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida tashabbuslarni rag‘batlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga ko‘maklashish, ularni metodologik qo‘llab-quvvatlash, texnik ko‘mak taqdim etish, xodimlar malakasini hamda huquqiy bilimlarini oshirish orqali jamoatchilik nazoratini qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy qilinadi.

Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarga mamlakat iste’mol bozorida muomalada bo‘lgan tovarlar (ishlar va xizmatlar) to‘g‘risida ma’lumotlarni onlayn tarzda olish imkoniyatini beruvchi “Tovar to‘g‘risida ma’lumot” axborot tizimi va mobil ilovasini ishlab chiqib, bosqichma-bosqich davlat organlari va elektron hukumat axborot tizimlari bilan integratsiya qiladi.

Qo‘mita va uning tizim tashkilotlari mutaxassislari hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari monopoliyaga qarshi kurashish va raqobatni rivojlantirish sohasi bo‘yicha ilg‘or xorijiy davlatlarga qisqa va uzoq muddatli o‘quv kurslarida o‘qish va tajriba almashish uchun yuboriladi.

Hujjat bilan Raqobat qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining tarmoq infratuzilmasi bilan bog‘liq va tabiiy monopoliya, jumladan, elektr energiyasi, tabiiy gaz, temiryo‘llar, fuqaro aviatsiyasi, aeroport xizmatlari, avtomobil yo‘llari va telekommunikatsiya sohalarida mustaqil bozor regulyatorlari institutini bosqichma-bosqich joriy qilish bo‘yicha taklifi ma’qullangan.

2025-yil 1-yanvarga qadar Raqobat qo‘mitasining tabiiy monopoliya subyektlarining tariflarini tartibga solish va nazorat qilish funksiyalari bosqichma-bosqich tashkil etiladigan mustaqil bozor regulyatorlariga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, Raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasi (mablag‘larni shakllantirish va ulardan foydalanishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda) yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan budjetdan tashqari jamg‘arma sifatida faoliyat yuritishi belgilandi.