Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka qayta saylanganidan keyin 11-iyul kuni o‘tkazgan ilk videoselektorida 12 nafar hokimni ishdan bo‘shatish bo‘yicha topshiriq berdi.

Uning matbuot kotibi xabar qilishicha, ushbu tuman va shahar hokimlari faoliyatida investitsiya muhiti qoniqarsizligi, ko‘rsatkichlar pastligi tanqid qilindi.

Shunga ko‘ra, prezident Amudaryo, Qo‘rg‘ontepa, Buxoro, Mirishkor, Chiroqchi, Xatirchi, Payariq, Oqoltin, Guliston, Oqqo‘rg‘on tumanlari, Navoiy va Yangiyo‘l shaharlari hokimlari faoliyatini tekshirishni buyurdi. Bosh prokuratura va Hisob palatasi ushbu hokimlar faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlaydi.

Shuningdek, yig‘ilishda 2023-yilgi investitsiya va hududiy dasturlar doirasida jami 20 mlrd dollar xorijiy sarmoyalarni o‘zlashtirish belgilangani aytildi.

Bu boradagi ijobiy tajriba sifatida o‘tgan olti oyda Andijon shahri, Buloqboshi, Romitan, G‘allaorol, Forish, Karmana, Davlatobod, Chust, Kattaqo‘rg‘on, Sirdaryo tumanlarining har biri 50 million dollardan ko‘p to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya olib kelingani qayd etildi. Natijada ushbu tumanlarda jami 50 mingta yangi ish o‘rinlari, qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum paydo bo‘ldi, deyiladi xabarda.