Saylov vaqtida fuqarolardan sudlarga hech qanday murojaatlar kelib tushmadi. Bu haqda Oliy sud raisi o‘rinbosari Halilullo To‘raxo‘jayev Markaziy saylov komissiyasidagi brifingda ma’lum qildi.

“Saylov davomida fuqarolar tomonidan saylov o‘tkazuvchi komissiyalarga huquqlari buzilgani to‘g‘risida murojaatlariga berilgan javoblaridan norozi bo‘lib sudlarga ariza shikoyatlar keltirilmagan. Faqat ushbu masalaga doir bir dona murojaat kelib tushgan bo‘lib, belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi. Mazkur davrda fuqarolar tomonidan saylov komissiyalarining qarorlarini haqiqiy emas, ularning xatti-harakatlari g‘ayri qonuniy deb topish masalasida sudlarga boshqa shikoyat va arizalar kelib tushmadi”

Oliy sud raisining qayd etishicha, xorijda yashab, saylovda qatnashgan fuqarolar tomonidan ham hech qanday murojaat kelib tushmagan.

Rais o‘rinbosari sudlarda shikoyat bilan murojaat etilmagani sababi sifatida aholini huquqiy ongi, OAV vakillari bilan tegishli muloqot o‘rnatilgani va boshqalarni keltirdi.

“Saylov bilan bog‘liq sudlarda shikoyat bilan murojaat etilmagani, birinchidan, aholimizning huquqiy ongi oshgani, ushbu siyosiy jarayon hech kimni befarq qoldirmagani, saylov ochiq, shaffof va oshkora o‘tgani, ikkinchidan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov jarayoni qonunchilikka muvofiq tashkil etilib, saylov o‘tkazuvchi komissiyalar faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani, uchinchidan, har qanday masalada fuqarolar, shuningdek, kuzatuvchilar OAV vakillari bilan tegishli muloqot o‘rnatilib, ularga o‘z vaqtida kerakli tushuntirish va ma’lumot berilgani uchun, oddiy qilib aytganda, sudlarga shikoyat bilan murojaat qilishga o‘rin va zarurat qolmagan deb hisoblaymiz”, — dedi Halilullo To‘raxo‘jayev.