Bir necha hafta oldin Toshkent hayvonot bog‘ida 3 ta pushti flamingo jo‘jalari dunyoga keldi, deya xabar bermoqda bog‘ matbuot xizmati.

Shu paytga qadar qushlar ularga juda yaqin bo‘lgan tashrif buyuruvchilar sababli doimiy stressni boshdan kechirgan, bu esa ularning muvaffaqiyatli ko‘payishlariga imkon bermagan. Bunga ular joylashgan eski hudud yetarli darajada keng bo‘lmagani ham sabab bo‘lgan.

Jo‘jalar sog‘lom va ota-onalariga hozircha deyarli o‘xshamaydi. Jo‘jalarning patlari rangi kulrang. Pushti pigment esa bir necha oy ichida paydo bo‘ladi.

“Birinchi marta tuxumdan chiqqandan keyin jo‘jalar muvozanatni saqlab, o‘tirishni o‘rganishdi va hozir esa ular ancha tetiklashib, bemalol turishadi va hatto uzun oyoqchalarida harakatlanishadi. Eng qiziq jihati esa: flamingo jo‘jalari juda tez rivojlanadi. Bu o‘zgarishlar birinchi 9 kun ichida ayniqsa seziladi”, — deyiladi xabarda.

Flamingolar bog‘ga 2019-yilda keltirilgan. 2022-yilda qushlar uya qurishga urinishgan, 2023-yilda esa juftliklar tuxum qo‘yib, jo‘jalarni o‘zlari boqadigan g‘amxo‘r ota-onalarga aylanishgan.

Wildlife care boshqaruv kompaniyasi ko‘magida hayvonot bog‘ining issiq polli (qish uchun), keng xonasi va ko‘zgulari bo‘lgan keng va qulay qushxonasi yaratilgan. Bu qushlar sonini yanada ko‘paytirish uchun kerak, shu tariqa, flamingolar o‘zlarini yanada qulay va xavfsizroq his qilishadi, chunki tabiatda ular eng katta koloniyalarni yaratadilar, deya qo‘shimcha qildi bog‘ matbuot xizmati.