Juma kuni O‘zbekiston bo‘yicha ushbu haftaning boshida respublika hududlarida kuzatilgan nisbatan salqin ob-havo saqlanib turadi, deb xabar berdi “O‘zgidromet”.

Havo harorati +31…+36 daraja atrofida, janubda 40 darajagacha bo‘ladi. Kunning ikkinchi yarmida markaziy va sharqiy viloyatlar bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Shanba va yakshanba kunlari respublika bo‘yicha havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati ko‘tarila boshlaydi, ammo hududlarning katta qismida iyul oyi uchun +33…+38 daraja bo‘lgan maqbul qiymatlar saqlanib turadi, faqat eng chekka janubda +39…+41 daraja atrofida bo‘ladi.

Ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.

Poytaxtda 7-iyul kuni havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol tezligi 10−12 m/s gacha kuchayadi. Harorat +31…+33 daraja bo‘ladi.

Shanba va yakshanba kunlari havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi. Harorat +34…+37 daraja bo‘ladi.