Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida diniy materiallarni tarqatib kelgan yigitning ozodigi 4 yilga cheklandi. Bu haqda Zo‘r TV kanalining Bu kun dasturida xabar berildi.

Fuqaro yetarli diniy bilimga ega bo‘lmay turib, Telegram messenjeri orqali O‘zbekistonda faoliyati taqiqlangan aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan diniy mazmundagi ma’ruzalarni muntazam eshitib, videotasvirlarni ko‘rgan.

Ularni telefoniga yuklab olib, Telegram orqali boshqalarga tarqatgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudida ko‘rib chiqilgan.

“Bolalaringizning qo‘llariga telefon berganingizda ehtiyot bo‘linglar. Qandaydir ma’ruza, videolarni telefonida saqlamasin. Buning oqibati yaxshilikka olib kelmaydi. Bitta oilaning, farzandning kelajagini butunlay barbod qilib qo‘yishi mumkin”, — deydi ayblanuvchining onasi.

Ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Tayinlagan jazolarga qisman qo‘shish yo‘li bilan unga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Uning sutkaning soat 22:00dan 06:00ga bo‘lgan vaqt oralig‘ida uydan chiqishi cheklangan.