O‘zbekiston Milliy gvardiyasi Ot sporti bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabiga har birining boshlang‘ich narxi 2,3 milliard so‘m bo‘lgan 10 ta ot sotib olinishi mumkin. UzEx Tender platformasida xarid bo‘yicha tender o‘tkazilmoqda.

Tender 23-iyunda boshlangan va 21-iyulgacha davom etadi. 10 ta otni xarid qilish uchun boshlang‘ich narx etib 23 milliard 305 million 391 ming so‘m belgilangan. Tender eng arzon mos taklifni tanlab olish shaklida o‘tkaziladi. Sotuvchi otlarni 90 kun ichida yetkazib berishi kerak bo‘ladi. Otlar Yevropa issiq qonli, toza zotli, yoshi esa 7−11 oralig‘ida bo‘lishi talab etiladi.

Otlar oliy sport mahorati maktabi chavandozlarining xalqaro musobaqalarga (Jahon kubogi, Millatlar kubogi, Yevroosiyo kubogi, Jahon chempionati va Osiyo o‘yinlarining turli bosqichlarida) tayyorgarlik ko‘rishi va muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun kerakligi aytilgan.

Bundan tashqari, 13−22-iyun kunlari maktabga 650 million so‘mlik beda pichani sotib olish bo‘yicha ham tender o‘tkazilgan. Bu pulga budjet hisobidan 130 tonna beda pichani sotib olish rejalashtirilgan. 1-iyul kuni G’azna Telegram kanali tender shartlaridan birida ishtirokchi g‘olib bo‘lish uchun ta’sis etilganiga kamida 6 oy bo‘lishi kerakligi belgilangani, lekin g‘olib tashkilot shu yilning fevral oyida ochilganiga e’tibor qaratgandi.

Qayd etilishicha, tender bo‘yicha protokol tuzilganiga qaramasdan, 4-iyun kuni kelishuv bekor qilingan. Bayonnoma tuzilgandan keyin davlat xaridlari elektron tizimiga muhokama qilish uchun 2 kunga joylashtirildi va tender natijalari bo‘yicha kelib tushgan e’tirozlar xarid komissiyasi tomonidan asosli deb topildi, deyiladi bayonotda.

Ma’lumot o‘rnida, Ot sporti bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabida 3 ta yo‘nalish, ya’ni to‘siqlardan sakrash, ot yo‘rttirish, uchkurash turlari bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulot jarayonlari olib boriladi. Maktabga 10 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilinadi.