Yangi investitsiyaviy takliflar sifatida joriy yilda shaffof tamoyillar asosida 10 ta strategik qazilma konlari, 40 ta oltin izlovchilar uchun uchastkalar hamda 500 dan ortiq noruda kon va maydonlari elektron auksion orqali tadbirkorlarga taqdim etiladi. Bu haqda seshanba kuni “O‘zbekiston tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar: natijalar va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari A’zam Qodirxo‘jayev ma’lum qildi.

“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda oxirgi 5 yilda 730 tonna oltin va 1,5 mln tonna mis zaxiralarini o‘stirish bilan birga, Olmaliqda yangi topilgan “Yoshlik” koni negizida 200 mln tonna rudalarni qayta ishlash hisobiga mis mahsuloti ishlab chiqarish xajmini yiliga 500 ming tonnaga yetkazish mega-loyihasi amalga oshirilayotgani qayd etildi.

A’zam Qodirxo‘jayev.A’zam Qodirxo‘jayev.

“Yurtimizdagi yer osti boyliklari potensiali katta. Foydali qazilmalarning likvid turlari, shu jumladan oltin, kumush, mis, uran, kaliy, fosforit va kaolinning mineral zaxiralari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoning yetakchi mamlakatlari o‘nligiga kiradi”, — dedi vazir o‘rinbosari.

“Uzoq muddatli dasturlarimiz mavjud. Xorijiy investorlar bilan ishlayapmiz. Kelgusi besh yilda oltin rezervlarni oshirish niyatidamiz. Elektromobillar, qayta tiklanuvchi energiya, jumladan quyosh panellari uchun konlarimizda kerakli moddalar mavjud. Bu kelajakda yashil energetikani rivojlantirishga yordam beradi”, — deya ma’lumot berdi A’zam Qodirxo‘jayev.

Hozirda sohada investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 3,5 mlrd dollardan ziyod loyihalar, xususan oltin bo‘yicha Kanadaning B2Gold, Turkiyaning MTA va Calik Holding kompaniyalari, uran bo‘yicha Fransiyaning ORANO va Yaponiyaning JOGMEC korporatsiyalari bilan istiqbolli loyihalar yo‘lga qo‘yilgan.

Konferensiyada “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” kompaniyasi boshqaruv raisi o‘rinbosari Abdulla Azizov kombinat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.

Abdulla Azizov.Abdulla Azizov.

“Olmaliq kon metallurgiya kombinati”da eksport hajmi 1,1 mlrd dollarni tashkil etadi. Oltin eksporti esa Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi. Bizda „Yoshlik“ nomli loyihamiz bor. Ishlab chiqarish salohiyatimizni 40 mln tonnaga oshirmoqchimiz. Rudalarimiz tarkibida 3,37% mis bor. Bizda Chili davlatiga nisbatan imkoniyatlarimiz yaxshi. Chunki bizning ustunligimiz ruda tarkibida oltin ham mavjud”, — dedi u.

OKMK rahbari o‘rinbosari 100 dan ortiq loyihalar, shu jumladan temir ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilayotgani, bu borada Germaniya, Avstriya, Avstraliya va Finlyandiya kompaniyalari bilan hamkorlik qilinayotganini ta’kidladi.

“Yiliga bugungi kundagi 25 mln tonna rudani qayta ishlash quvvatimizni 60 mln tonnagacha oshirmoqchimiz. Qayta tiklanuvchi energiya, ya’ni quyosh panellari to‘g‘risida o‘ylashimiz kerak. RG halqaro reytingiga kirmoqchimiz”, — dedi u.

Abdulla Azizov kombinat qo‘shimcha qiymat yaratuvchisi bo‘lishi lozimligiga urg‘u qaratib, “kompaniyamiz bankrotlik davridan o‘tib ketdi. Lokalizatsiya bo‘yicha ish olib boryapmiz”, — dedi.

Tatyana Budey. Tatyana Budey.

Qora metallurgiya sohasida xorijiy mutaxassis, “O‘zmetkombinat” kompaniyasi boshqaruv raisi o‘rinbosari Tatyana Budey ham o‘z taqdimotida O‘zbekiston metallurgiya sohasining imkoniyatlari va istiqbollari to‘g‘risida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Budeyning kombinatda investitsiya dasturi doirasida qator loyihalar amalga oshirilayotgani, bugungi kunda 730 mln yevrolik loyiha ishga tushirilganini ma’lum qildi.