5-iyun kuni Piskent tumanida “Uchqun agrobiznes” fermer xo‘jaligiga tegishli 9,2 gektar yer maydonidagi g‘alladan bo‘shagan somonpoya qoldiqlari yoqib yuborilgani sababli tabiatga 17,4 mln so‘m zarar yetdi. Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi holatga rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, boshqarma mas’ullari joyiga chiqib holatni o‘rgangan. Hozirda aniqlangan holat bo‘yicha soha xodimlari sud organiga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmoqda. Aniqlanishicha, voqea oqibatida tabiatga 17 mln 433 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Iyun oyida Toshkent viloyatida yana bir shu kabi holat kuzatilgandi. G‘alladan bo‘shagan 11,6 gektar maydondagi somonpoya qoldiqlari yoqilgani sababli dala chetidagi daraxtlar shikastlangan. Tuproq unumdorligiga 24,6 mln so‘m, o‘simlik dunyosiga 16,8 mln so‘m zarar yetgan. Fermer jarimaga tortilgan. Ekologiya vazirligi somonpoya qoldiqlarini yoqmaslikka chaqirmoqda.