Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1-iyun holatiga banklardagi jami depozitlar 204,8 trln so‘mni tashkil etdi. May oyi davomida depozitlar hajmida 3,7 trln so‘mlik pasayish kuzatilgan. Umumiy hisobda yil boshidan buyon tijorat banklaridagi omonotlar qoldig‘i 216,7 trln so‘mdan 204,7 trln so‘mga kamaygan (-12 trln so‘m).

Tijorat banklarida 1-iyun holatiga depozitlar hajmi 204 trln 790 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu may oyidagi ko‘rsatkichdan (208 trln 448 mlrd so‘m) 3 trln 658 mlrd so‘mga kam hisoblanadi. May oyidagi kamayish aholi omonatlarida ham, yuridik shaxslar omonatlarida ham kuzatilgan.

Bunda jismoniy shaxslar depozitlari 443 mlrd so‘mga kamaygan. May oyida ko‘rsatkich 69 trln 20 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, iyun oyida 68 trln 577 mlrd gacha pasaygan. Yuridik shaxslar depozitlari esa 139 trln 428 mlrd so‘mdan 136 trln 212 mlrd so‘mgacha kamaygan (-3,2 trln).

Davlat ulushi mavjud banklarda 1-iyun holatiga depozitlar hajmi 123 trln 662 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu 1-maydagi ko‘rsatkichga (125 trln 299 mlrd) nisbatan 1,6 trln so‘mga kam.

Eslatib o‘tamiz, tijorat banklaridagi depozitlar hajmida aprel oyida o‘sish kuzatilgan edi. O‘shanda depozitlar 1-apreldagi 206 trln so‘mdan 1-may holatiga 208,4 trln so‘mgacha o‘sgan.