2023-yilda O‘zbekistonga 10 mln nafar xorijiy sayyoh jalb qilinib, 20 mln nafar mahalliy aholining sayohatlari tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov “Yangi O‘zbekistonda taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida tashkil etilgan “O‘zbekiston madaniy merosi — Yangi Renessans asosi” xalqaro anjumanida ma’lum qilindi.

Vazirning qayd etishicha, buning natijasida 2 mlrd dollar miqdorida turizm xizmatlari eksporti amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, yil yakuniga qadar ziyorat turizmi yo‘nalishida Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Bangladesh, Yaponiya, Isroil, Hindiston hamda MDH davlatlaridan 1,2 mln nafar ziyoratchilar jalb qilinadi.

озодбек назарбеков, sayyoh

Vazir 2023-yil yanvar-may oylarida mamlakatga 2,6 mln nafar xorijiy turistlar tashrif buyurgani va 833,5 mln AQSh dollar miqdorida turistik xizmatlar eksporti amalga oshirilganini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga oshgan. 2023-yil 5 oyida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida 8 mln nafar mahalliy sayyohlarning tashrifi amalga oshirildi.

Turizm targ‘ibotini xorijda tashkil qilish yo‘nalishida Buyuk Britaniyaning BBC, AQShning CNN, Yevropaning Euronews jahon telekompaniyalari, AQShning yirik Netflix va Amadeus onlayn-striming platformalari, Xitoyning Trip.com onlayn-sayohat platformasi, Birlashgan Arab Amirliklarining Holiday factory sayyohlik kompaniyasi, Visa Fasilitation Services Global kompaniyasi ma’muriyatlari bilan turizm salohiyatini targ‘ib qilish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Bundan tashqari, qayd etilishicha, kelgusida mamlakatda 170 ta mehmonxona, 72 ta xostel, 48 ta boshqa toifadagi joylashtirish vositalari, jami 290 ta joylashtirish vositalari tashkil etiladi, sohada 50 ming ta ish o‘rni yaratiladi, 492 ta yangi oilaviy mehmon uylari tashkil etiladi.