“O‘rikguli” nomi ostida faoliyat olib boruvchi ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtova 3-iyul — Xalqaro plastik paketlarsiz kunga bag‘ishlangan videoni e’lon qildi. Shu kuni bloger noodatiy tarzda — plastik paketlardan tayyorlangan kiyimni kiygancha markaziy ko‘chalarni aylandi. Bekatda turib, avtobus va metrodan foydalandi. Ovqatlanish shoxobchalarida bo‘ldi.

“Gazeta.uz” ekoblogerlarning ushbu harakatidan maqsadi bilan qiziqdi.

Uning ta’kidlashicha, plastik xaltalardan voz kechish kuni ekologik toza turmush tarzini boshlash uchun juda yaxshi sabab hisoblanadi.

“Odamlar hayron qolishdi. Lekin ko‘pchiligi savol bermadi, qiziqish bildirganlariga esa ma’lumot berdim. Bugun paketlardan voz kechish kuni ekani, bir kishi yiliga 650−1000 ta paket ishlatayotganini aytdim”, — dedi bloger.

Uning aytishicha, raqamlar kichik ko‘rinishi mumkin. O‘sha kuni blogerning egnidagi kiyimda 250 ta paket bo‘lgan, bu orqali odamlarni bir kishi bir yilda shundan 3 baravar ko‘p paket ishlatishini tasavvur qilib ko‘rishga undamoqchi bo‘lgan.

Ekofaol ushbu g‘oya unda yarim yildan beri borligi, ammo aynan 3-iyul sanasini kutganini bildirdi.

“Harakatim orqali odamlarning paketlardan voz kechishini, uning o‘rniga ko‘p martalik shoperlar, ekosumkalardan foydalanishini kutyapman. Yoki, xalq tilida aytganda, bozor xalta, ro‘zg‘or xalta degan narsalar bor. Oldinlari odamlar oddiygina bozor xaltalarni tikib, o‘shalardan foydalangan. Qishloq joylarga borsangiz, haligacha guruch, un va boshqa narsalar o‘z xaltasida turadi. Yoki odamlar bozorga borganda olgan narsalarini xaltaga solib, uyiga olib keladi. Har doim eko alternativ bor, faqat odamlar buni tanlashi kerak”, — deya ta’kidlaydi Mo‘tabar Xushvaqtova.

“Polietilen paketlardan voz kechishda hukumat Qirg‘iziston kabi samarali, qat’iy yechimni berishi kerak, deb o‘ylayman”, — deydi ekobloger. Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston polietilen paketlarni ishlab chiqarish, sotish va ishlatishdan butunlay voz kechmoqchi. Tegishli qonun Qirg‘iziston parlamenti tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilingan va davlat rahbariga imzolash uchun yuborilgan. 2024-yildan respublikada paket ishlab chiqarish to‘xtatilishi mumkin.

“Plastik paketlar juda ham zararli, ularni qayta ishlash yechim emas, ular 3−4 marta ishlangach, baribir chiqindiga chiqadi. Yoki ko‘p plastik paketlarni qayta ishlab ham bo‘lmaydi”, — deya ta’kidladi u.

Bundan avvalroq “Gazeta.uz” jurnalisti Mirolim Isajonov ham ekologiyani asrashga chaqiruvchi aksiya o‘tkazgandi.

“Ona tabiat biz chiqargan milliardlab tonna chiqindilarni ko‘tarib turibdi. Men ham odamlar kundalik hayotida eng ko‘p foydalanadigan mahsulotlardan chiqqan plastik chiqindilarni ko‘tarib, tanamda his qilib ko‘rish ham shu kiyimni kiyishga qaror qildim”, — degan jurnalist o‘z harakatlarini izohlab.

“O‘rikguli” bu aksiya haqida gapirar ekan, “juda kreativ g‘oya, buni qo‘llab-quvvatlayman”, — deya ta’kidladi.