Bahodir Jo‘rayev “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi etib tayinlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Bahodir Jo‘rayev 1966-yil 3-dekabrda Navoiy viloyatida tug‘ilgan. 1990-yil Toshkent davlat politexnika institutini elektr stansiyalari yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. U 2006−2009-yillarda “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik jamiyati “Navoiy IES” ochiq aksiyadorlik jamiyati direktori, 2009−2013-yillarda Navoiy shahar hokimi sifatida faoliyat yuritgan.

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi va “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatida ham qator lavozimlarda ishlagan. Bunga qadar kompaniya boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchisi bo‘lgan.

Shuningdek, Sardor Isaqulov “Issiqlik elektr stansiyalari” boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Isaqulov bunga qadar Energetika vazirligining Markaziy dispetcherlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.