3−7-iyul kunlari Toshkentda “Yangi O‘zbekistonda taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi tashkil etiladi. Bu haqida haftalik tashkilotchilari “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, haftalikning maqsadi xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar o‘rtasida Yangi O‘zbekistondagi demokratik islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar va navbatdagi dolzarb vazifalar, mamlakatda vujudga kelayotgan mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy makon va muhit, davlat tashqi va ichki siyosatining ustuvor vazifalari to‘g‘risida fikr almashishdan iborat.

Haftalik doirasida yangi barpo etilgan “Ivent xoll” markazida “O‘zbekiston madaniy va ilmiy merosi — yangi Renessans asosi”, mamlakatda “innovatsion va bilimlar iqtisodiyoti” hamda barqaror rivojlanish “drayveri” bo‘lgan raqamli texnologiyalarning rivoji masalalariga bag‘ishlangan forumlar tashkil etilmoqda.

Shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish va ta’lim tizimini isloh etish, ijtimoiy davlat qurish, “yashil taraqqiyot” sohalaridagi yangi O‘zbekiston tajribasi va dunyodagi jarayonlar, mamlakatda yuzaga kelayotgan qulay biznes va innovatsion muhit kabi qator masalalarga bag‘ishlangan muloqotlar uchun alohida platformalar tashkil etiladi.

Ularda yetuk milliy va 60 dan ziyod davlatlardan 450 dan ortiq xorijiy siyosat va jamoat arboblari, yirik biznes vakillari va ekspertlarning ishtirok etishi mo‘ljallangan.

Tadbirlar Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zosi, sobiq madaniyat va xalqaro taraqqiyot vaziri Lord Uorton, Business New Europe xalqaro nashriyotining bosh muharriri Ben Aris, halqaro jurnalist Stiven Koul, teleboshlovchi va jurnalist Ali Aslan kabi taniqli xorijiy moderatorlar jalb etiladi.

CNN xalqaro media kompaniyasi haftalikning media hamkori hisoblanadi. Tadbirlar shuningdek Euronews va boshqa nufuzli xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritiladi.

Haftalik doirasida tadqiqot va tahliliy markazlar, biznes hamjamiyat, vazirlik va idoralar tomonidan 300 dan ortiq xorijiy hamkorlari bilan birgalikda 50 dan ziyod konferensiya, davra suhbatlari va amaliy muloqotlar ham tashkil etiladi. Natijada xorijiy va xalqaro sheriklar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan bitimlarni imzolash, qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish borasida qator kelishuvlarga erishish kutilmoqda.

Bir vaqtning o‘zida “O‘zbekiston madaniy merosi — Yangi Renessans asosi” haftaligi o‘tkaziladi. Unda 30 dan ortiq tadbir: ko‘rgazmalar (“Savitskiy muzeyi”, “O‘zbekiston tarixiy shaxslari Sharq miniatyurasida” va h.k.), musiqa festivali hamda filmlar namoyishi (“O‘zbek qizi”, “Bardosh” va h.k.) rejalashtirilgan.