Buxoro shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaroni AQShga noqonuniy yubormoqchi bo‘lgan ayol ushlandi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Shaharning “Navro‘z” mahallasida yashovchi 43 yoshli G‘.D. (ayol) fuqaroga AQShga ishga yuborish uchun vakolatli tanishlari orqali viza olib berishini aytgan va AQShda yashovchi tanishlari orqali ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 25 ming dollar miqdorida pul so‘ragan.

21-iyun kuni taxminan soat 13:30 atrofida ayol o‘zi yashab kelayotgan Buxoro shahar Mustaqillik ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonida kelishilgan pulning 10 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan fuqaro G‘.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.